
«Muvaffaqiyatsizlikka 9 yil»: Turkiyada amalga oshmay qolgan to‘ntarish tafsilotlari
2016 yil 15 iyul kuni Turkiyada prezident Erdo‘g‘an boshchiligidagi huquqiy demokratiyani ag‘darib, harbiylar xuntasini iqtidorga keltirishga urinish bo‘lib o‘tgan. Turkiya hukumati tarqatgan xabarlarga ko‘ra, bunda muxolifatchi Fathulloh Gulenning qo‘li bo‘lgan.

15 iyul voqeasi qanday boshlandi?
Bundan to‘qqiz yil avval, xuddi shu kunda Turkiya xalqi qonli davlat to‘ntarishiga urinishlarga guvoh bo‘ldi. Barchasi Turkiya armiyasi va huquq-tartibot organlari xizmatida bo‘lgan harbiylarning mamlakatning strategik obektlariga hujum qilishidan boshlandi. Ularning asosiy maqsadi amaldagi davlat rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni hukumatdan chetlashtirib, to‘ntarishni amalga oshirish edi.
Isyonchilar Anqarada F-16 qiruvchi samolyotlari yordamida prezident saroyi va o‘sha paytda deputatlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tayotgan parlament binosiga aviazarbalar berdi.
Harbiy to‘ntarish urinishidan so‘ng mamlakatda harbiy holat e’lon qilindi va komendantlik soati joriy etildi. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an FaceTime ilovasi orqali CNN Türk telekanali orqali xalqga murojaat qilib, ularni fitnachilarga qarshi ko‘chalarga chiqishga chaqirdi.
Erdo‘g‘anning aytishicha, bu fitnaning ortida AQSHda istiqomat qilayotgan Fathulloh Gulen boshchiligidagi FETÖ terrorchilik tashkiloti turgan.
Rasmiy statistikalarga ko‘ra, hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallashga urinishda 9 mingga yaqin harbiy ishtirok etgan. Isyonchi harbiylar 35 ta samolyot, jumladan, 24 ta qiruvchi samolyot va 37 ta vertolyotdan foydalangan.
Turkiyaning mustaqilligi va kelajagi uchun kurashda 252 kishi shahid bo‘ldi. Mamlakat ozodligi uchun kurashgan tinch aholi, politsiya va harbiylardan 150 nafari Anqarada, 99 nafari Istanbulda va ikki nafari Mug‘lada halok bo‘lgan.
To‘ntarish to‘ntarishiga urinishdan buyon hozirgacha jami 113 ming 837 nafar gumonlanuvchi qamoqqa olingan. Qamoqqa olinganlarning lavozimlari:
- 15 032 — politsiya xodimi;
- 13 599 — turli lavozimdagi harbiylar;
- 8 081 — zobit;
- 2 305 — sudya;
- 938 — prokuror;
- 191 — general;
- 174 — tuman hokimi;
- 93 — voliy yordamchisi
- 24 — voliy
- 19— ichki ishlar nazoratchisi





