
Namangan shifoxonalarida Yaponiyaning robot-assistent xirurgiyasi joriy qilinadi
Namangan viloyat hokimligi va Yaponiya o‘rtasida sanoat, tibbiyot va innovatsiya sohalarida yangi hamkorlik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi.

Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov boshchiligidagi delegatsiya Yaponiyada qator uchrashuvlar o‘tkazib, o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan kelishuvlarga erishdi. «Dunyo» axborot agentligiga ko‘ra, muzokaralar asosan to‘qimachilik, sanoat texnologiyalari va yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlar sohalarini qamrab olgan.
Ta’kidlanishicha, Namanganning «Ideal», «Fazman», «D.Maretti», «Vizzano» va «Saodat Sanoat Servis» kabi to‘qimachilik korxonalari Yaponiyaning yirik «Konaka Co. Ltd» kompaniyasi bilan hamkorlik masalalarini muhokama qilgan.
Shuningdek, «Nammotors» va «Eco Basalt» korxonalari Yaponiya kompaniyalari bilan energiya tejamkor uskunalar, zamonaviy qurilish materiallari va bazalt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Muzokaralar natijasida umumiy qiymati 50 million dollarlik uzoq muddatli eksport va hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Tibbiyot sohasida ham muhim kelishuvlar qayd etildi. Delegatsiya «Tokushukai Medical Group» prezidenti Xigashi Chinichi bilan uchrashib, onkologiya, kardioxirurgiya va yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlarni rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik bitimini imzoladi. Ushbu tashrif doirasida erishilgan eng muhim natijalardan biri «Riverfield Inc.» kompaniyasi bilan kelishuv bo‘lib, unga ko‘ra Namangan viloyatida robot-assistent xirurgiyasi va innovatsion tibbiy uskunalar joriy etiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda O‘zbekiston tibbiyot tizimida sun’iy intellekt asosida amalga oshirilayotgan tekshiruv hamda muolaja turlari 43 taga yetgani haqida xabar berilgandi.





