
Namangan va Toshkent viloyati tog‘larida qor ko‘chish xavfi e’lon qilindi
O‘zgidromet 6–9-dekabr kunlari yog‘ingarchilik va harorat sovib ketishi tufayli bir qator tog‘li hududlarda qor ko‘chishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

6–9-dekabr davomida respublikada kutilgan yog‘ingarchilik va havo haroratining keskin o‘zgarishi natijasida Toshkent va Namangan viloyatlarining bir qancha tog‘li hududlarida qor ko‘chish xavfi yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda O‘zgidromet tezkor ogohlantirish bilan chiqdi.

Toshkent viloyatida Bo‘stonliq, Ohangaron va Parkent tumanlarining Chotqol tizmasiga to‘g‘ri keladigan hududlarida xavf yuqori baholangan. Namangan viloyatining Pop tumanida ham qor ko‘chishi ehtimoli mavjudligi qayd etilgan.
Meteorologlarning ta’kidlashicha, yog‘ingarchilik bilan harorat o‘rtasidagi keskin farq qor qatlamining beqarorlashuviga va ko‘chish xavfining kuchayishiga sabab bo‘ladi.
«Tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan, ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlarini so‘raymiz», deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zgidromet 5-8-dekabr kunlarida O‘zbekistonning ayrim hududlarida yomg‘ir yog‘ib, qorga aylanishi mumkinligi haqida ma’lumot bergan edi.





