add

Namanganda 40 ming dollar pora talab qilgan mansabdor qo‘lga tushdi

Bugun 10:55892 daqiqa

Namangan viloyatida ko‘mir ta’minoti bilan bog‘liq lavozim tayinlovi va ko‘mir yetkazib berishni oshirish va’dasi bilan pora talab qilgan «Ko‘mir ta’minot» MCHJ filiali mansabdoriga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Namanganda 40 ming dollar pora talab qilgan mansabdor qo‘lga tushdi

Namangan viloyatida «Ko‘mir ta’minot» mas’uliyati cheklangan jamiyati filiali mansabdoriga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jamiyatning viloyat filiali boshlig‘i o‘rinbosari o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaroni tumanlardan biridagi ko‘mir ombori rahbari lavozimiga tayinlashni va’da qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, u bu masalani yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali hal qilib berish, shuningdek, omborga keladigan ko‘mir ortilgan yuk vagonlari sonini ko‘paytirish evaziga 40 ming AQSH dollari talab qilgan. Kelishuv doirasida mansabdor shaxs pulning bir qismini olgan.

Joriy yilning 6-dekabr kuni u so‘ralgan mablag‘dan 25 ming AQSH dollarini filial xodimi orqali qabul qilib, fuqaroni ombor mudiri lavozimiga tayinlanishini ta’minlagan. Bu orqali u noqonuniy ravishda xizmat imkoniyatlaridan foydalangan.

Keyinchalik esa mansabdor qolgan 15 ming AQSH dollarini, shuningdek, omborga ko‘mir ortilgan 30 ta vagon yuborilgani uchun ulush sifatida 7 500 AQSH dollari talab qilgan. Jami 22 500 AQSH dollarini u vositachi orqali olayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olingan.

Holat bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tezkor chora ko‘rgan. Mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Shuningdek, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida aholini ko‘mir mahsulotlari bilan o‘z vaqtida va imtiyozli narxlarda ta’minlash choralari kuchaytirilgani ma’lum qilindi.

Teglar

Mavzuga oid