Narxlar yuqori, prognozlar yomon, reyslar bekor qilinmoqda: aviakompaniyalar yoqilg‘i inqirozini qanday boshdan kechirmoqda?
Aviayoqilg‘i inqirozi oqibatida yirik aviakompaniyalar moliyaviy strategiyasini o‘zgartirib, yo‘lovchilarga qo‘shimcha to‘lovlarni yuklamoqda.

AQSH va Eron o‘rtasidagi urush boshlanganidan beri aviatsiya yoqilg‘isi narxining keskin, taxminan ikki baravar oshishi aviasanoatni o‘z biznes strategiyasini o‘zgartirishga majbur qilmoqda. Kompaniyalar tariflarni oshirmoqda, bagaj narxini qimmatlashtirmoqda, reyslarni qisqartirmoqda yoki butunlay bekor qilmoqda. Shunga qaramay, bu inqiroz allaqachon bir qurbonga ham ega bo‘ldi.
«Reuters» dunyoning turli mamlakatlaridagi yirik aviakompaniyalar yoqilg‘i tanqisligiga qarshi qanday choralar ko‘rayotgani haqidagi yozdi.
Aviakompaniyalar qanday omon qolmoqda?
— «Air Canada» yoqilg‘i narxining oshishi sabab Nyu Yorkka amalga oshiriladigan kunlik 38 ta reysdan to‘rttasini qisqartirishini ma’lum qildi. Shuningdek, kompaniya yoqilg‘i narxlaridagi keskin o‘zgaruvchanlik tufayli yillik prognozini to‘xtatib turdi.
— «Air China», «China Southern Airlines» va «China Eastern Airlines» – Xitoyning uchta eng yirik aviakompaniyasi – ichki reyslarda yoqilg‘i yig‘imlarini 500 foizga oshirdi: 800 kmdan qisqa yo‘nalishlar uchun 60 yuan (8,8 dollar), uzoqroq parvozlar uchun esa 120 yuan (17,6 dollar) etib belgilandi.
— «Air France-KLM» bu yil yoqilg‘i xarajatlari 2,4 mlrd dollarga oshishini kutmoqda va reyslar soni o‘sishi bo‘yicha prognozini avvalgi 3–5 foiz o‘rniga 2–4 foizga tushirdi. Xolding avvalroq uzoq masofali reyslar chiptalari narxini oshirish rejasini ham e’lon qilgan edi: borib-kelish parvozi 50 yevroga qimmatlashadi. KLM esa 16-aprel kuni yoqilg‘i narxining oshishi sabab kelasi oyda Yevropa bo‘ylab 160 ta reysni bekor qilishini ma’lum qildi.
— «Air India» texnik bo‘lmagan xodimlarni haq to‘lanmaydigan ta’tilga chiqarish va yaqin uch oy ichida parvoz hajmini 20 foizdan ortiqqa qisqartirish masalasini muhokama qildi. Kompaniya, shuningdek, ichki reyslardagi qat’iy yoqilg‘i yig‘imini parvoz masofasiga bog‘liq tizim bilan almashtirishini bildirdi.
— «Air New Zealand» 7-aprel kuni may va iyun oylarida reyslar sonini qisqartirishi hamda tariflarni oshirishini ma’lum qildi. Kompaniya yoqilg‘i inqirozi sabab narxlarni oshirgan dunyodagi birinchi aviakompaniyalardan biri bo‘ldi.
— «American Airlines» – AQSH aviatsiya bozorining yetakchilaridan biri – 2026-yilda yoqilg‘i xarajatlari 4 mlrd dollardan ortiqqa oshishini kutmoqda. Kompaniya ichki va qisqa xalqaro reyslarda birinchi va ikkinchi ro‘yxatdan o‘tkazilgan bagaj uchun to‘lovni 10 dollarga, uchinchi bagaj uchun esa 150 dollarga oshirdi. Shuningdek, ekonom-klass yo‘lovchilari uchun ayrim imtiyozlarni qisqartirdi.
— «Cathay Pacific» esa aksincha, aviatsiya kerosini narxlaridagi o‘zgaruvchanlikka «moslashuvchan javob» sabab 16-maydan boshlab aksariyat yo‘lovchi reyslarida yoqilg‘i yig‘imlarini kamaytirishini bildirdi.
— «Delta Air Lines» – AQSHning bozor kapitalizatsiyasi bo‘yicha eng qimmat aviakompaniyasi – tashish quvvatlarini dastlabki rejaga nisbatan taxminan 3,5 foiz punktga qisqartiradi va bagaj yig‘imlarini oshiradi.
— «EasyJet» Yevropa loukosteri yarim yillik 540–560 mln funt sterling (732–759 mln dollar) miqdorida zarar ko‘rishini ogohlantirdi. Bu summaga mart oyidagi 25 mln funtlik qo‘shimcha yoqilg‘i xarajatlari ham kiradi.
— IAG, ya’ni «British Airways» egasi, aviachiptalar narxini oshirish rejalari haqida ogohlantirdi.
— «Korean Air» apreldan boshlab neft narxlarining o‘sishi fonida «favqulodda boshqaruv» rejimiga o‘tishni rejalashtirgani haqida mart oyi oxirida «Reuters» manbasi xabar bergan edi.
— «Lufthansa» 2026-yilda yoqilg‘i narxining o‘sishi guruhga 1,7 mlrd yevroga tushishini bildirdi. Uning sho‘’ba kompaniyasi «ITA Airways» esa yoqilg‘i xarajatlarini qoplash uchun 2026-yilda chipta narxlarini 5–10 foizga oshiradi. «Lufthansa», shuningdek, yaqin va o‘rta masofali reyslar uchun yangi «Economy Basic» tarifini taqdim etdi – unda faqat noutbuk sumkasi yoki kichik ryukzakni bepul olib o‘tish mumkin bo‘ladi. Kompaniya avvalroq 2026-yil oktabrigacha yaqin masofali 20 ming reysni qisqartirishini ma’lum qilgan.
— SAS mart oyida «bir necha yuz» reysni bekor qilganidan keyin aprel oyida yana 1000 ta reysni bekor qilishini aytgan.
— «Spirit Airlines» – AQSH loukosteri – moliyaviy inqiroz sabab faoliyatini to‘xtatdi. Bu inqirozga Eron bilan urush fonida yoqilg‘i xarajatlarining keskin o‘sishi ham sabab bo‘lgan.
— «Southwest Airlines» ham raqobatchilari kabi birinchi va ikkinchi bagaj uchun to‘lovni 10 dollarga oshirdi. Kompaniya rahbari yoqilg‘i narxining sakrashi kvartal yakunlariga ko‘ra aviakompaniyaga milliardlab zarar yetkazishini aytdi.
— «TAP Air Portugal» tariflarni oshirish yoqilg‘i narxlari o‘sishining daromadga ta’sirini qisman qoplashini bildirdi.
— «SunExpress» – «Turkish Airlines» va «Lufthansa» qo‘shma korxonasi – Turkiya va kontinental Yevropa o‘rtasidagi reyslarda har bir yo‘lovchi uchun vaqtinchalik 10 yevro miqdorida yoqilg‘i yig‘imini joriy etadi.
— AQSHning yana bir aviakompaniyasi «United Airlines» yoqilg‘i qiymati oshishini qoplash uchun chipta narxlarini 15–20 foizga oshirishga to‘g‘ri kelishi mumkinligini bildirdi. Kompaniya 2026-yil birinchi choragi oxirida tariflarni besh marta oshirgan, shuningdek, bagaj yig‘imlarini ham ko‘targan.
— Yevropa loukosteri «Volotea» yangi narx belgilash tizimini joriy qildi. Unga ko‘ra, chipta narxi yoqilg‘i narxlariga bog‘lanadi va har bir reys uchun yo‘lovchidan qo‘shimcha 14 yevrogacha yig‘im olinishi mumkin.





