add

Navoiyda chiqindilarni yoqish evaziga elektr energiyasi ishlab chiqaradigan majmua quriladi

Bu majmua O‘zbekistonda xavfli sanoat chiqindilarini qayta ishlashga ixtisoslashgan ilk milliy kompleks hisoblanadi. Loyiha 2026−2046 yillarda 3 bosqichda amalga oshirilishi va 265 mln dollarga teng bo‘lishi kutilmoqda.

Navoiyda chiqindilarni yoqish evaziga elektr energiyasi ishlab chiqaradigan majmua quriladi

O‘zbekistonda xavfli sanoat chiqindilarini qayta ishlash bo‘yicha birinchi milliy majmua Navoiy viloyatida qurilishi rejalashtirilmoqda.

Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, loyiha 2026–2046 yillarda uch bosqichda amalga oshiriladi va umumiy qiymati 265 million dollarga teng bo‘ladi.

Majmua qurilishi Fransiyaning Suez International hamda Saudiya Arabistonining Vision International Investment kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Tomonlar o‘rtasidagi shartnoma 2025 yil 11-iyun kuni IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida imzolangan.

Loyiha qiymati

Avvalroq ushbu uch bosqichli loyiha qiymati 78 million dollar etib baholangan edi. Biroq Navoiy viloyati hokimligi, agentlik hamda xorijiy kompaniyalar vakillari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda taqdim etilgan yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, loyihaning umumiy qiymati 265 million dollargacha oshirilgan.

photo_2026-01-30_21-15-54

Loyihaning birinchi bosqichi 2026–2029 yillarni qamrab oladi va unda 75 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish rejalashtirilgan. Ikkinchi bosqich 2029–2030 yillarda amalga oshirilib, uning qiymati 10 million dollarga baholanmoqda. Uchinchi bosqich esa 2030–2033 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, 180 million dollarlik sarmoyani talab qiladi.

Birinchi bosqichda respublika hududlaridan yig‘iladigan yiliga 250 ming tonna xavfli sanoat chiqindilarini utilizatsiya qilish yo‘lga qo‘yiladi. Ikkinchi bosqichda ayrim chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Uchinchi bosqichdagi aniq yo‘nalishlar hozircha ochiqlanmagan

Loyiha doirasida chiqindilarni qayta ishlash zavodi, zamonaviy laboratoriya, hududiy chiqindi yig‘ish stansiyalari qurilishi hamda SCADA tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan. Majmua 50 gektar maydonda joylashib, yillik quvvati 250 ming tonnani tashkil etadi.

Ma’lumot uchun, loyihada ishtirok etayotgan Fransiyaning Suez International kompaniyasi 160 yildan ortiq tarixga ega bo‘lib, asosan suv resurslari va chiqindilarni boshqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya dunyoning turli mintaqalarida suv ta’minoti va tozalash, oqova suvlarni boshqarish, shuningdek, chiqindilarni qayta ishlash, jumladan, xavfli chiqindilarni utilizatsiya qilish bo‘yicha kompleks yechimlar taqdim etadi. Suez International Yevropa, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Amerika qit’asi, Afrika va Yaqin Sharqdagi ko‘plab sanoat tarmoqlariga xizmat ko‘rsatadi. «Toshkent shahar suv ta’minoti» ham Suez kompaniyasi bilan hamkorlikda 7 yillik suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish dasturini amalga oshirmoqda. Loyiha doirasida 2025 yilda poytaxtda 50 mingta «aqlli» sovuq suv hisoblagichlari o‘rnatilgan.

Shuningdek, loyiha doirasida hamkor sifatida ishtirok etayotgan Vision International Investment Company 2002 yilda Saudiya Arabistonida tashkil etilgan yirik investitsiya xoldingi hisoblanadi. Kompaniya qariyb 96 milliard AQSH dollari hajmidagi aktivlarni boshqaradi. Uning asosiy faoliyat yo‘nalishlariga energetika, infratuzilma, kommunal xizmatlar, suv resurslarini boshqarish, elektr energiyasi ishlab chiqarish, konsalting hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalari kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning 6 ta hududida chiqindini qayta ishlash orqali elektr olinishi haqida xabar berigan edik. Qayd etilishicha, Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida chiqindilarni termik usulda qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi zavodlar barpo etilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid