
Niderlandiya parlamenti Falastinni tan olish taklifini rad etdi
24.08.2025 | 20:0026293
Niderlandiya parlamentida Falastinni tan olish va Isroilga qarshi sanksiyalar joriy etish taklifi muhokama qilindi, ammo qonunchilik organi bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamadi.

Deputatlarning ko‘pchiligi bu yo‘lning o‘rniga Isroildan xalqaro va mahalliy jurnalistlarni G‘azo sektoriga kiritishni talab qilish hamda HAMAS yetakchilarini qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlarga bosim o‘tkazish haqidagi rezolyutsiyani ma’qulladi.
Muhokamalardan avval Niderlandiya tashqi ishlar vaziri Kaspar Veldkamp o‘z lavozimini tark etdi. U hukumatning Isroilga nisbatan keskin choralar ko‘rishdan bosh tortayotganiga qarshi norozilik sifatida iste’fo berdi. Shu kuni uning siyosiy ittifoqchilari — Yangi ijtimoiy shartnoma partiyasi deputatlari ham parlament mandatlaridan voz kechishdi.
Ayni paytda G‘arbda Falastinni tan olish masalasi yanada faol muhokama qilinmoqda. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron BMT Bosh Assambleyasining sentyabr oyidagi sessiyasida Falastinni tan olish rejasini e’lon qilishini bildirgan.
Bu tashabbus Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu tomonidan keskin tanqid qilindi, AQSH ham Parij pozitsiyasiga qarshi chiqdi. Biroq Yevropadagi ko‘plab davlatlar Fransiyani qo‘llab-quvvatlamoqda. Jumladan, Buyuk Britaniya G‘azodagi urush sentyabrgacha to‘xtamasa, Falastinni rasman tan olishini ma’lum qildi.





