Nikohlar kamaymoqda: muammo turmush qurish yoshida emas
O‘zbekistonda nikohlar va tug‘ilishlar soni qisqarmoqda. Lekin bu holat turmush qurish yoshining o‘sishi bilan emas, aholi tarkibidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
© mywed.comO‘zbekistonda tug‘ilishlar va nikohlar sonining qisqarishi demografik inqiroz haqidagi bahslarni kuchaytirmoqda. Xususan, 2023 yildagi yuqori ko‘rsatkichdan keyin tug‘ilishlar ketma-ket ikki yil davomida pasaygan, nikohlar soni esa to‘rt yildan buyon kamayib bormoqda.
Bu holat ayrim kuzatuvchilar tomonidan aholining turmush qurishni kechiktirayotgani va mamlakat demografik inqiroz sari yuz tutayotgani haqidagi xulosalarga sabab bo‘lmoqda. Biroq iqtisodchi Mirkomil Xolboyev tahliliga ko‘ra, mavjud statistika bunday fikrlarni tasdiqlamaydi.
Aksincha, 2025 yilda birinchi nikoh uchun o‘rtacha turmush qurish yoshi ayollarda 21,4 yoshni, erkaklarda esa 25,6 yoshni tashkil etgan. E’tiborlisi, bu ko‘rsatkichlar bir yil oldingiga nisbatan pasaygan. Ayollarda o‘rtacha nikoh yoshi 0,4 yoshga, erkaklarda esa 0,6 yoshga qisqargan.
Yoshlar tarkibi ta’siri
Turmush qurish yoshidagi o‘zgarishni uzoqroq davr kesimida ko‘rib chiqilganda ham shunday manzara kuzatiladi. Masalan, 2017 yil bilan taqqoslaganda ayollarda o‘rtacha turmush qurish yoshi 1,4 yoshga, erkaklarda esa 0,7 yoshga kamaygan.

Manba: Mirkonomika
Shu sababli nikohlar sonining qisqarishini aholining kechroq oila qurayotgani bilan izohlab bo‘lmaydi. Aksincha, statistika yoshlar oldingidan ertaroq turmush qurayotganini ko‘rsatmoqda.
Mutaxassis fikricha, asosiy omil nikoh yoshidagi aholi sonining kamayib borishi hisoblanadi.
2021 yilda 20–24 yoshlilar soni 25–29 yoshlilarga nisbatan 511,8 ming nafarga kam bo‘lgan. 2023 yilda ham ushbu ikki yosh guruhi o‘rtasidagi farq 425,5 ming nafarni tashkil etgan.
Avlodlar almashinuvi
Bu holat mustaqillikning ilk yillari va 2000 yillar boshidagi iqtisodiy qiyinchiliklar davrida tug‘ilishlar sonining pasaygani bilan bog‘lanadi. O‘sha yillarda tug‘ilgan nisbatan kam sonli avlod hozir aynan turmush qurish va farzand ko‘rish yoshiga yetgan.
Natijada nikohlar va tug‘ilishlar soni qisqarmoqda. 2024 yilda fertillik darajasida ham ma’lum pasayish qayd etilgan bo‘lsa-da, hozircha tug‘ilishlarning kamayishida asosiy omil avlodlar almashinuvi bo‘lib qolmoqda.
Mutaxassis fikricha, O‘zbekiston hali Yaponiya, Janubiy Koreya yoki Xitoy kabi mamlakatlarda kuzatilayotgan chuqur demografik muammolardan ancha uzoq. Kelajakda rivojlangan davlatlarga xos ayrim demografik chaqiriqlar paydo bo‘lishi mumkin, ammo bugungi vaziyatni ushbu davlatlardagi demografik inqiroz bilan tenglashtirish uchun asoslar yetarli emas.





