
Onlayn kredit olishda firibgarlikka uchragan shaxslardan qarz undirilmaydi
Yangi tartibga ko‘ra, onlayn kredit firibgarligi qurbonlari jabrlanuvchi deb topilsa, ulardan qarz va foizlarni undirish bekor qilinadi.

Adliya vazirligi Markaziy bank bilan hamkorlikda kredit va to‘lov tashkilotlari tomonidan masofaviy moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda axborot hamda kiberxavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan yangi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Nizomga muvofiq, agar fuqaro nomiga onlayn kredit firibgarlik yo‘li bilan rasmiylashtirilgan bo‘lsa va surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qarori yoki sud ajrimi asosida jabrlanuvchi deb e’tirof etilsa, kredit tashkiloti mazkur kredit bo‘yicha qarz hamda foizlarni hisoblashni va undirishni to‘xtatadi. Bu norma fuqarolarning moliyaviy huquqlarini himoya qilishni kuchaytiradi.
Zararni kim qoplaydi?
Shu bilan birga, kredit tashkiloti frod holatini sodir etgan shaxsdan yetkazilgan moddiy zararni regress tartibida undirish huquqiga ega. Ya’ni, aybdor shaxs aniqlanganda, zararni qoplash majburiyati unga yuklanadi.
Agar kredit tashkiloti onlayn kredit ajratish jarayonida frod holatiga shubha qilsa, u qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli organlarga shikoyat qilish imkoniyatiga ega. Bu esa shubhali operatsiyalarni o‘z vaqtida aniqlashga xizmat qiladi.
Biroq surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud qarorlari natijasida frod holati mavjud emasligi aniqlansa, kredit tashkiloti onlayn kredit va u bilan bog‘liq foizlarni hisoblashni hamda undirishni qayta tiklaydi. Yangi tartib moliyaviy intizomni saqlagan holda fuqarolarni himoya qilishga qaratilgan.





