Logo

«O‘rta koridor»ga investitsiyalar 2040-yilga borib savdo hajmini uch baravardan ziyod oshirishi mumkin

Bugun 16:354 daqiqa

Jahon bankining hisobotida infratuzilma uchun 25 mlrd dollardan ortiq, qo‘shimcha loyihalar uchun esa yana 30 mlrd dollar kerakligi aytilgan.

«O‘rta koridor»ga investitsiyalar 2040-yilga borib savdo hajmini uch baravardan ziyod oshirishi mumkin © Bloomberg

Transkaspiy transport koridoriga, ya’ni «O‘rta koridor»ga investitsiya kiritish 2040-yilga borib ushbu yo‘nalishdagi savdo hajmini uch baravardan ziyod oshirishi va yuklarni yetkazib berish vaqtini ikki baravarga qisqartirishi mumkin. Bu haqda Jahon banki guruhining «Integratsiya: Transkaspiy transport koridorida jahon darajasidagi savdo logistikasi» deb nomlangan yangi hisobotda so‘z boradi.

Unda shu investitsiyalar koridordagi davlatlar yalpi ichki mahsulotini 3,3 foizga oshirishi va qo‘shimcha 2 millionta ish o‘rni yaratishi mumkinligi qayd etilgan.

Hisobotda aytilishicha, agar hukumatlar infratuzilmaga sarmoya kiritish bilan birga savdo va transport samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlarni ham amalga oshirsa, 2040-yilga borib koridordagi yuk tashish hajmi to‘rt baravarga oshishi, yetkazib berish vaqti esa uchdan ikki qismga qisqarishi mumkin.

To‘qqiz davlat, qariyb 200 million aholi

Hisobotda koridorga Armaniston, Ozarboyjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va O‘zbekiston kiritilgan. Ushbu davlatlarning umumiy aholisi qariyb 200 million kishini tashkil etadi.

Transkaspiy transport koridori Sharqiy Osiyo va Yevropani Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Turkiya orqali bog‘laydigan ko‘p tarmoqli yo‘nalish sifatida ta’riflangan. Unda temiryo‘l, Kaspiy va Qora dengiz orqali dengiz qatnovi hamda avtomobil yo‘llaridan foydalaniladi.

Armaniston hozircha koridorning bevosita ishtirokchisi emas. Hisobotga ko‘ra, Armanistonning kiritilishiga sabab tahlil 2040-yilgacha bo‘lgan davrni qamrab olgani va mamlakat bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri transport aloqalari 2030-yillarda yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.

Investitsiyalarga ehtiyoj

Hisobotga ko‘ra, 2040-yilgacha koridorning jismoniy infratuzilmasini rivojlantirish uchun 25 milliard dollardan ortiq mablag‘ kerak bo‘ladi. Asosiy mablag‘ temiryo‘l tarmoqlari, dengiz portlari va ularni bog‘lovchi avtomobil yo‘llariga yo‘naltiriladi. Hisobotda eng muhim loyihalarning ko‘pchiligi allaqachon boshlangani yoki ularni amalga oshirishga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilayotgani qayd etilgan.

Bundan tashqari, «qo‘llab-quvvatlovchi» investitsiyalar uchun yana 30 milliard dollar talab etiladi. Bularga koridorni mahalliy iqtisodiyotlar bilan bog‘laydigan avtomobil va temiryo‘llar, logistika markazlari va ichki terminallar, shuningdek, lokomotivlar, vagonlar, yuk ortish-tushirish uskunalari va raqamli tizimlar kiradi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, yuk tashish hajmi va raqobatbardoshlikni uzoq muddat davomida oshirish uchun institutsional islohotlar ham zarur. Bunda chegaradagi kechikishlar, hujjatlarni rasmiylashtirish va logistika markazlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlatlar va operatorlarning hamkorligi muhim ahamiyatga ega.

To‘rtta ustuvor yo‘nalish

Boshqaruv va koridor faoliyati bo‘yicha hisobotda to‘rtta ustuvor yo‘nalish belgilangan:

  • qog‘ozbozlik va tarqoq tizimlar o‘rniga transport, tranzit va savdo ma’lumotlarini yagona tizim orqali boshqarish imkonini beruvchi yagona raqamli koridor tizimini joriy etish;

  • konteynerlarni temiryo‘l va dengiz orqali tashish xizmatlarini bir-biriga uzviy bog‘laydigan, temiryo‘l yuk tashuvlari va Transkaspiy dengiz qatnovlarini boshqaradigan integratsiyalashgan, bozor tamoyillari asosida ishlaydigan qo‘shma operatorni tashkil etish yoki mavjud operator vakolatlarini kengaytirish;

  • koridor faoliyatini nazorat qilish, muammoli nuqtalarni aniqlash va bartaraf etish, shuningdek, birgalikda qarorlar qabul qilish uchun umumiy muvofiqlashtirish tizimini kuchaytirish;

  • davlatga qarashli temiryo‘l, port va dengiz tashuvi kompaniyalarini boshqaruv tizimi, moliyaviy barqarorlik va tartibga solishni yaxshilash orqali zamonaviylashtirish, ularning tijoriy tamoyillar asosida ishlashini ta’minlash.

Jahon bankining bahosi

Jahon banki koridorning ahamiyatini ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar, shuningdek, suv toshqinlari, qurg‘oqchilik va boshqa ob-havo bilan bog‘liq xavflar bilan bog‘laydi. Bankning fikricha, bunday xavflar tezroq va ishonchliroq transport yo‘nalishlariga bo‘lgan ehtiyojni oshiradi.

Koridordagi ko‘plab davlatlar energiya resurslari, muhim minerallar, xomashyo va oziq-ovqat mahsulotlarining yirik ishlab chiqaruvchilari hisoblanadi. Hisobotda ta’kidlanishicha, ushbu yo‘nalish ularga tashqi xavflarga qaramlikni kamaytirish, tranzitga bo‘lgan talabdan foydalanib, ichki investitsiyalar va yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.

Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani koridor faqat tovar va odamlarni tashish yo‘li bo‘lib qolmasdan, biznes, ish o‘rinlari va mahalliy sanoat rivojini ta’minlaydigan mintaqaviy platformaga aylanishi mumkinligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, buning uchun faqat transport infratuzilmasini qurishning o‘zi yetarli emas. Xizmat ko‘rsatish sohasiga qo‘shimcha investitsiyalar kiritish, savdoni yengillashtirish, transport operatsiyalarini takomillashtirish va chegaralar orqali hamkorlikning yangi usullarini joriy etish ham talab qilinadi.

Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyoda infratuzilma bo‘yicha mintaqaviy direktori Charlz Korme esa koridor salohiyatidan to‘liq foydalanish uchun yuklarni chegaralar orqali tezroq, aniqroq va qulayroq tashish imkonini beradigan amaliy choralarni ko‘rish zarurligini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning boshida Qozog‘iston va O‘zbekiston rasmiylari Ustyurt platosida yirik gaz zaxiralari aniqlanganini ma’lum qilgandi. Ushbu konlarni o‘zlashtirish Transkaspiy gaz quvuri loyihasining iqtisodiy samaradorligini ta’minlashga xizmat qilishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid