add

O‘zbek diplomati Avstraliya general-gubernatoriga ishonch yorliqlari topshirdi

29.11.2025 | 10:242992 daqiqa

Rasmiy marosim Kanberra shahrining «Government House» rezidensiyasida bo‘lib o‘tdi.

O‘zbek diplomati Avstraliya general-gubernatoriga ishonch yorliqlari topshirdi

O‘zbekistonning qarorgohi Singapur shahrida joylashgan Avstraliyadagi elchisi Alisher Qayumov Kanberradagi Government House rezidensiyasida Avstraliya General-gubernatori Samanta Mostinga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Avstraliya General-gubernatori bilan suhbat davomida so‘nggi yillarda tobora rivojlanib borayotgan O‘zbekiston–Avstraliya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, jumladan siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilm-fan, ta’lim va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari batafsil muhokama qilingan.

Samanta Mostin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va xalqaro biznes uchun qulay investitsiya muhitini yaratish borasida erishilgan natijalarni alohida qayd etgan.

Avstraliya va O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘rtasidagi o‘xshashliklar, xususan, paxtachilik va tog‘-kon sanoati sohalari muhim rol o‘ynashi qayd etilib, bu innovatsiya va investitsiyalar yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlik uchun keng istiqbollarni yaratishi ta’kidlangan.

Shuningdek, General-gubernator yaqinda Samarqandda bo‘lib o‘tgan YUNESKO bosh konferensiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilganini ta’kidlab, avstraliyalik turistlar uchun O‘zbekiston tobora jozibador yo‘nalishga aylanayotganini bildirgan.

Suhbat yakunida Samanta Mostin ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashga tayyorligini bildirib, O‘zbekiston rahbariyati va xalqiga samimiy tilaklarini yetkazgan.

Eslatib o‘tamiz, Alisher Qayumov O‘zbekistonning Singapurdagi (2018–2024) va Avstraliyada (2022–2024) o‘rindoshlik asosidagi elchisi (qarorgohi Singapurda) bo‘lib ishlagan Qahramon Shokirov o‘rniga tayinlangan. 2024 yil 30-aprel kuni Alisher Qayumov Singapur Prezidenti Tarman Shanmugaratnamga ishonch yorliqlarini topshirgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbek diplomati Avstraliya general-gubernatoriga ishonch yorliqlari topshirdi | Vaqt.uz