O‘zbekiston aholisi 2100 yilda 63 mlnga yetishi mumkin — iqtisodchi tahlili

Kecha 19:012 daqiqa

BMT prognozlariga nisbatan aholi soni 12 mln kishiga kam bo‘lishi mumkin. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyeyev buni tug‘ilish darajasi tezroq pasayishi haqidagi taxminlar bilan izohladi.

O‘zbekiston aholisi 2100 yilda 63 mlnga yetishi mumkin — iqtisodchi tahlili © Javhar Chorshanbiyeva

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev O‘zbekiston aholisi bo‘yicha uzoq muddatli demografik prognozlarni tahlil qildi. Uning fikricha, tug‘ilish darajasi kutilgandan tezroq pasaysa, 2100 yilga borib mamlakat aholisi BMT prognozlaridan ancha kam bo‘lishi mumkin.

Tahlil uchun Our World in Data interaktiv platformasidan foydalanilgan. Unda fertillik, migratsiya va umr ko‘rish davomiyligi kabi omillar bo‘yicha shaxsiy ssenariylarni kiritish imkoni mavjud.

rasm



Mirkomil Xolboyev hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda fertillik darajasi keyingi yillarda izchil pasayib boradi. BMT 2030 yilda har bir ayolga o‘rtacha 3,2 nafar farzand to‘g‘ri kelishini prognoz qilgan bo‘lsa, iqtisodchi bu ko‘rsatkich 2,7 atrofida shakllanishini taxmin qilmoqda.

Uning ssenariysiga ko‘ra, 2050 yilga kelib bu ko‘rsatkich 2,2 gacha tushadi. Asr oxiriga borib esa har bir ayolga o‘rtacha 1,7 nafar farzand to‘g‘ri kelishi mumkin. Bu BMTning rasmiy prognozlaridan ancha past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Shu bilan birga, iqtisodchi aholining umr ko‘rish davomiyligi aksincha, xalqaro prognozlardan yuqoriroq bo‘lishini kutmoqda. Masalan, BMT 2030 yilda O‘zbekistonda o‘rtacha umr ko‘rish 73 yosh bo‘lishini baholagan. Ammo 2024 yilning o‘zida bu ko‘rsatkich 75 yoshdan oshgani qayd etilmoqda.

Tahlilga ko‘ra, 2030 yilda o‘rtacha umr ko‘rish 77 yoshga, 2100 yilga borib esa 85 yoshga yetishi mumkin. Natijada, aholi soni o‘sishda davom etsa-da, tug‘ilishning pasayishi umumiy demografik sur’atlarni sekinlashtiradi.

Iqtisodchining prognoz muvofiq, 2100 yilga kelib O‘zbekiston aholisi 63 mln nafarni tashkil etadi. Bu BMT prognozlaridan taxminan 12 mln kishiga kam bo‘lib, hozirgi aholining deyarli uchdan bir qismiga teng farqni anglatadi.

Iqtisodchiga ko‘ra, prognozning BMT hisob-kitoblariga nisbatan pessimistik chiqqani asosan tug‘ilish darajasi tezroq pasayishi haqidagi taxminlar bilan izohlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev yaqin 15 yil uchun aholi soni 38 mlndan 50 mln nafarga yetishi kutilayotganini aytgan edi.

Teglar

Mavzuga oid