
O‘zbekiston temiryo‘llari ob’ektlarining nomi davlat tili me’yorlariga moslashtiriladi
19.10.2025 | 16:0015833
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun arafasida Vazirlar Mahkamasi temiryo‘l vokzallari va stansiyalari nomlarini davlat tili qoidasiga muvofiqlashtirish haqida qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, 320 ta geografik ob’ekt nomi o‘zgartiradi.

21 oktyabr — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun arafasida Vazirlar Mahkamasi mamlakat bo‘ylab temiryo‘l ob’ektlarini davlat tili me’yorlariga moslashtirish bo‘yicha muhim qaror qabul qildi.
Hukumatning «“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli temiryo‘l vokzali, temiryo‘l stansiyasi va temiryo‘l raz’ezdlari nomlarini davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, barcha nomlar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek tilidagi yozuvlar bilan almashtiriladi.
Qarorda belgilanishicha, o‘zgarishlar tegishli hujjatlar, ma’lumotlar bazalari, peshlavhalar va axborot ko‘rsatkichlarida ham amalga oshiriladi. Bunda yozuvlardagi ruscha, aralash yoki imlo xatolari bartaraf etiladi.
Vazirlar Mahkamasi hujjatining ilovasida butun respublika bo‘ylab 320 ta geografik ob’ekt nomi qayta ko‘rib chiqilishi belgilangan. Ular orasida ayrim mustaqillik yillarida qo‘yilgan nomlar ham bor bo‘lib, ularda ham imlo xatolari uchragani aniqlangan.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, ushbu qaror nafaqat yozuvlarni to‘g‘rilash, balki o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishga qaratilgan amaliy qadam bo‘ladi.





