
O‘zbekistonda 2028-29 o‘quv yiligacha bakalavr va magistrlik grantlari soni oshirildi
19.07.2025 | 20:4842073
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025–29 yillarda oliy ta’lim muassasalariga davlat grantlari bo‘yicha qabul parametrlarini tasdiqladi. Kelgusi o‘quv yillarida bakalavriat va magistratura uchun ajratiladigan grant o‘rinlari yil sayin ko‘payishi ko‘zda tutilgan.

18 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025–2026 o‘quv yili hamda keyingi uch yil uchun oliy ta’lim muassasalariga davlat grantlari asosida qabul qilish parametrlari tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi huzuridagi huquqiy axborot kanali ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025–2026 o‘quv yilida bakalavriat uchun 35 500 ta, magistratura uchun esa 9 922 ta grant o‘rni ajratiladi. Bu miqdor keyingi yillarda bosqichma-bosqich oshirilishi rejalashtirilgan. Masalan, 2028–2029 o‘quv yiliga kelib bakalavriatdagi grant o‘rinlari 36 761 taga, magistraturada esa 10 784 taga yetadi.
Ta’lim sohasidagi yangiliklar fonida, oliy ta’lim vazirligiga qabul yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimot takliflarini tayyorlash topshirildi. Xususan, 4000 ta grant xotin-qizlar uchun, 1320 ta grant xususiy va xalqaro OTMlar uchun, 30 ta grant esa xorijda yashovchi yosh vatandoshlar uchun ajratiladi.
May oyida Prezident qabul qilgan farmonga ko‘ra, 2025–26 o‘quv yildan boshlab sirtqi ta’limga qabul to‘xtatiladi. Uning o‘rnida kechki va masofaviy ta’lim shakllari kengaytiriladi, lekin ular umumiy qabul natijasining 50 foizidan oshmasligi shart qilib belgilangan.
Shuningdek, Prezident Administratsiyasi huzurida Milliy ta’lim sifati agentligi tashkil etildi. U tashkilot barcha ta’lim bosqichlarida tashqi nazorat va akkreditatsiya jarayonlarini amalga oshiradi.





