
O‘zbekistonda favqulodda holat, o‘rinbosarlari kamaygan hokimlar, 4,1 mlrd so‘m kompensatsiya oladigan aholi — 30 sentyabr dayjesti
30.09.2025 | 22:03324210
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Maktab ta’limi vazirligini sudga bergan o‘qituvchilar yutqazdi
Shayxontohur tumanlararo sudi to‘rt nafar ona tili va adabiyot o‘qituvchisining Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga qarshi da’vo arizasini qanoatlantirmadi. Pedagoglar attestatsiya imtihonlari adolatsiz o‘tkazilganini, test savollari noto‘g‘ri tuzilganini va apellyatsiya shikoyatlari chuqur o‘rganilmaganini aytgan holda, imtihonlarni qayta o‘tkazish, ma’naviy zarar va sarflangan xarajatlarni qoplashni talab qilgan. Biroq sud ularning talablarini rad etdi.
Vazirlik vakillari imtihonlar belgilangan tartibda, ekspertiza asosida o‘tkazilganini va barcha sharoitlar yaratilganini ta’kidladi. O‘qituvchilar esa test savollarida xatolar borligini, ayrim variantlar internetga tarqalganini va apellyatsiyalar formal ravishda rad etilganini bildirishdi. Sud qaroridan norozi bo‘lgan advokat Nazirjon Hotamjonov appelyatsiya shikoyati kiritganini ma’lum qildi.
Da’vogarlar advokati Nazirjon Hotamjonovning Gazeta muxbiri bilan suhbatda ta’kidlashicha, u sud qarorining har bir bandidan norozi.
«Birinchi instansiya sudi chiqargan qarordan to‘liq noroziman. 30 sentyabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudiga appelyatsiya shikoyati kiritdik. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudlov hay’ati appelyatsiya instansiyasi ko‘rib chiqqach, o‘z xulosasini bildiradi», — degan advokat.
Prezident 10 kunlik favqulodda holat e’lon qildi
O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimini yo‘qotishsiz tashkil etish maqsadida 10 kunlik favqulodda holat e’lon qilindi. Bu haqda 26 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev muammoli hududlarda operativ shtablar tuzish, paxtani sifatli yig‘ish va fermerlarning dolzarb muammolarini zudlik bilan hal qilishni topshirdi. Shuningdek, prokuratura organlariga hisobotlarning haqqoniyligini ta’minlash, soxta raqamlarga yo‘l qo‘ymaslik va pul to‘lovlarini nazorat qilish vazifasi yuklandi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumoticha, texnika orqali yig‘ilgan paxtaning har kilosiga 1373 so‘m, qo‘lda yig‘ilganiga esa o‘rtacha 2000 so‘m to‘lanadi. Fermerlar davlat byudjeti hisobidan har kiloga 1000 so‘m subsidiya oladi.
Tuman va shahar hokimi o‘rinbosarlari soni qisqartiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasiga muvofiq, tuman va shahar hokimliklari faoliyatini takomillashtirishga oid yangi tartib taklif etilmoqda. Loyihaga ko‘ra, hokim o‘rinbosarlari soni qisqartirilib, ularning umumiy soni 4 nafar etib belgilanishi nazarda tutilgan.
Hozirgi kunda tuman va shahar hokimlari tarkibida 6 nafar o‘rinbosar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Loyiha ishlab chiqilishida hokimliklar faoliyatini optimallashtirish, mas’uliyatni aniq taqsimlash hamda qaror qabul qilish jarayonini soddalashtirish maqsad qilingan. Shu orqali mahalliy boshqaruv organlarining ish yuritish tizimida shaffoflik va hisobdorlik kuchaytirilishi ta’kidlanmoqda.
Avgust oyida ehtiyojmand oilalarga 4,1 mlrd so‘m kompensatsiya to‘landi
O‘zbekistonda avgust oyida elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun ehtiyojmand oilalarga jami 4,1 mlrd so‘m kompensatsiya mablag‘lari ajratildi. Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur mablag‘ elektr energiyasi va tabiiy gazdan belgilangan me’yordan ortiq foydalangan oilalarning to‘lovini qoplash uchun yo‘naltirilgan. Prezident qaroriga ko‘ra, aholiga elektr energiyasi bo‘yicha 150 kVt va tabiiy gaz bo‘yicha 150 metr kubdan ortiq sarf etilgan qismi uchun bazaviy me’yordagi va me’yordan yuqori narxlar orasidagi farq davlat hisobidan qoplab beriladi.
Avgust oyida qabul qilingan arizalar asosida 222 ming 887 oilaga kompensatsiya tayinlandi. Shuningdek, 1 mln 711 mingdan ortiq ehtiyojmand oila umumiy tartibda kompensatsiya olish uchun murojaat qilgan. Eslatib o‘tamiz, 1 iyundan e’tiboran ehtiyojmand oilalar uchun gaz va elektr energiyasi bo‘yicha kompensatsiya olish uchun arizalar qabul qilinmoqda. Yangi tizimga ko‘ra, to‘lovlar faqat qish mavsumi emas, balki yilning har oyida amalga oshiriladi.
O‘zbekistonga 8 oy ichida 7,5 million sayyoh tashrif buyurdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonga 7,5 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Eng ko‘p turistlar Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistondan kelgan. Qirg‘izistondan kelgan sayyohlar soni 2,16 million nafarga yetdi, bu 48,9 foiz o‘sish demakdir. Qozog‘istondan 1,769 million kishi (+73,5 foiz), Tojikistondan esa 1,699 million nafar turist (+15,6 foiz) kelgan. Rossiyadan tashrif buyurganlar soni 25 foizga oshib, 663,2 ming nafarga yetdi.
Afg‘oniston sayyohlari birinchi marta yirik o‘nlikka kirib, 304,5 ming kishi bilan beshinchi o‘rinni egalladi. Turkmanistondan kelgan 243,5 ming mehmon esa oltinchi o‘rindan joy oldi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan ikki barobardan ko‘p o‘sgan.
Uzoq xorijdan kelganlar orasida Xitoy yetakchi bo‘ldi — 135,4 ming sayyoh, bu bir yil avvalgiga nisbatan uch barobardan ko‘pdir. Turkiyadan kelganlar soni 113,1 ming nafarga yetgan bo‘lsa-da, reytingda sakkizinchi o‘ringa tushdi. Shuningdek, Hindistondan 42,2 ming, Janubiy Koreyadan esa 30 ming turist tashrif buyurgan.





