O‘zbekistonda gaz va neft qazib olish kamayib, import hajmi keskin oshmoqda
Tabiiy gaz qazib olish keskin qisqarayotgan bir paytda O‘zbekistonning gaz importi 3,3 barobarga oshdi. Yilning dastlabki to‘rt oyida mamlakat gaz xaridi uchun 508 million dollardan ortiq mablag‘ sarfladi.
© 34regiongaz.ru2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonda tabiiy gaz va moylash mahsulotlari importi keskin oshdi. Bu haqdagi ma’lumot Prezident huzuridagi Statistika agentligining tashqi savdo aylanmasi haqidagi hisobotida keltirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dastlabki to‘rt oyda mamlakatda 12,6 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olingan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 15 milliard kub metrni tashkil etgan.
Neft qazib olish hajmi 209 ming tonnaga, gaz kondensati ishlab chiqarish esa 319,3 ming tonnaga yetgan. Har ikki ko‘rsatkich ham mos ravishda 5,3 ming tonna va 75,9 ming tonnaga kamaygan.
Eksport kamaydi, import oshdi
Mahalliy qazib olish hajmining pasayishi fonida energiya resurslari importi sezilarli darajada oshgan. Dastlabki to‘rt oyda gaz xaridi uchun 508,3 million dollar sarflandi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,3 barobarga ko‘p. Gaz eksporti esa 70,3 million dollarga kamayib, 129,4 million dollarni tashkil etdi.
Bundan tashqari, neft, neft mahsulotlari va shunga o‘xshash mahsulotlar importi uchun 821,5 million dollar sarflangan. Ushbu mablag‘ning 327,1 million dollari aynan avtomobil benzini xaridiga to‘g‘ri keladi.
Eksport yo‘nalishida esa pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda.
O‘zbekistonning hisobot davrida neft va neft mahsulotlari eksportidan topgan umumiy daromadi 234,3 million dollarni tashkil etdi.
VAQT.UZ avvalroq tabiiy gaz qazib olish hajmi 2026-yilning birinchi choragida 15 foizga qisqargani haqida xabar bergandi. Xususan, mart oyida 2,7 mlrd kub metr, bir chorakda esa jami 9,6 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqarilgan.
O‘z navbatida, iqtisodchi Otabek Bakirov ham gaz qazib olishdagi keskin pasayish O‘zbekiston tarixida deyarli kuzatilmagan holat ekanini ta’kidlagan.
Uning fikricha, rasmiylar tomonidan so‘nggi yillarda «juda yirik» va «anomal yuqori bosimli» yangi gaz konlari ochilgani haqida bir necha bor bayonotlar berilgan bo‘lsa-da, amaliy natijalar aksincha bo‘lmoqda — qazib chiqarish hajmi oyma-oy kamayishda davom etmoqda.





