add

O‘zbekistonda go‘sht yetishtirish sur’ati sekinlashdi. Bu narxlarga ham ta’sir qilyapti

26.01.2026 | 18:282 daqiqa

Yil davomida mamlakatda 2,99 mln tonna (+1,5 foiz) go‘sht yetishtirildi. Biroq, bu yetarli bo‘lmayapti — mol go‘shti 23,9 foizga, suyaksiz mol go‘shti 25 foizga, qo‘y go‘shti 26,9 foizga qimmatladi. Talab ko‘pligi sabab go‘sht importi sezilarli oshgan

O‘zbekistonda go‘sht yetishtirish sur’ati sekinlashdi. Bu narxlarga ham ta’sir qilyapti

2025 yil davomida O‘zbekistonda 2 mln 988 ming tonna go‘sht yetishtirildi. Bu avvalgi yilga nisbatan atiga 1,5 foizga ko‘proq bo‘ldi. O‘sish sur’ati so‘nggi yillardagi eng past darajaga tushdi. 

Mamlakatdagi go‘shtning asosiy qismi dehqon va tomorqa xo‘jaliklari hisobiga to‘g‘ri keladi — 2,4 mln tonna. Biroq, bu yerda go‘sht yetishtirish yil davomida 1,9 foizga kamayib ketgan. 

Biroq, qishloq xo‘jaligi va fermer xo‘jaliklarida go‘sht tayyorlash mos ravishda 19,5 foiz va 19,2 foizga ko‘paydi. 

Go‘sht yetishtirish sur’ati 1,5 foizgacha sekinlashgan bo‘lsa, so‘nggi 5 yilda bu ko‘rsatkich 2 foizdan pastga tushmagan edi. Hattoki, pandemiya davrida ham mamlakatda go‘sht tayyorlash 2,1 foizga ko‘paygan. 

Bundan tashqari, 2025 yilda 12,6 mln tonna (+1,2 foiz) sut, 9,5 mln dona (+7 foiz) tuxum va 206 ming tonna (+3,4 foiz) baliq mahsuloti tayyorlangan. 

Hududlar kesimida eng ko‘p go‘shtni quyidagi viloyatlar yetishtirmoqda: 

  • Qashqadaryo — 347 ming tonna;

  • Samarqand — 333 ming tonna;

  • Jizzax — 245 ming tonna.

Go‘sht importi sezilarli o‘smoqda

Aholining go‘shtga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida O‘zbekiston xorijdan go‘sht olib kelishni ham sezilarli ko‘paytirgan. 

2025 yilda 868,9 mln dollarlik go‘sht import qilingan bo‘lsa, bu 2024 yilga nisbatan 70 foizga ko‘proq bo‘lgan. Import qilingan go‘shtning to‘rtdan uch qismi mol go‘shti. O‘z navbatida, go‘sh eksporti qariyb 70 foizga pasayib, atiga 16,6 mln dollarni tashkil qilgan. 

Narxlar ham ko‘tarilyapti

Import oshib, eksport keskin pasayganini go‘shtga bo‘lgan talab oshayotgani bilan izohlash mumkin. 2025 yil davomida mol go‘shti 23,9 foizga, suyaksiz mol go‘shti 25 foizga, qo‘y go‘shti 26,9 foizga qimmatlagan. 

Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan so‘rovlarda ham, o‘zbekistonliklar go‘sht qimmatlayotganini qayd etgan. 2025 yil davomida narxida yuqori o‘sish kuzatilgan mahsulotlar orasida go‘sht deyarli har oy birinchi o‘rinda turdi. 

Teglar

Mavzuga oid