O‘zbekistonda inflatsiya: mart oyidagi trendlar va iqtisodiy tahlil

Kecha 15:153 daqiqa

Mart oyidagi iqtisodiy ko‘rsatkichlar mamlakatda inflyatsion jarayonlarning murakkab, ammo ma’lum ma’noda barqarorlashayotgan manzarasini chizdi. Oylik va yillik ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi farq hamda tovarlar guruhidagi nomutanosibliklar iqtisodiyotdagi ichki va tashqi bosimlarning aksidir.

O‘zbekistonda inflatsiya: mart oyidagi trendlar va iqtisodiy tahlil

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev tahliliga ko‘ra, yillik inflatsiya 7,1 foizgacha sekinlashgan bo‘lsa-da, oziq-ovqat va xizmatlar narxidagi dinamika asosiy bosim nuqtalari bo‘lib qolmoqda.

Inflatsiya dinamikasi pasayishda

Mart oyida iste’mol narxlari indeksi 0,6 foizlik o‘sishni qayd etdi. Bu fevral oyidagi ko‘rsatkich bilan bir xil bo‘lsa-da, yillik inflatsiya 7,1 foizgacha sekinlashdi (fevralda 7,3 foiz edi). Yillik ko‘rsatkichning pasayishiga asosan «yuqori baza effekti» sabab bo‘ldi: 2025 yilning mart oyidagi yuqori inflatsiya (0,9 foiz) hisobdan chiqib, o‘rniga pastroq ko‘rsatkich kirdi. Shuningdek, go‘sht mahsulotlari, sabzi va aviatashish xizmatlaridagi narx o‘sishining sekinlashgani umumiy trendga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

Oziq-ovqatlardagi bosim

Oylik inflatsiya tarkibiga nazar tashlansa, narxi eng ko‘p oshgan 20 ta tovarning 19 tasi aynan oziq-ovqat mahsulotlaridir. Xususan, mart oyida pomidor (11,5 foiz),  bulg‘or qalampiri (10 foiz),  kartoshka (9,8 foiz), qovoq (9,4 foiz) kabilar narxi yuqori o‘sgan tovarlar bo‘lgan. Shuningdek, oy davomida mol go‘shti 1,8 foizga oshgan. Oziq-ovqat narxlarining oy davomida nisbatan yuqori o‘sishi, mart oyining nisbatan sovuq kelishi hamda yaqin sharqdagi keskinliklar bilan izohlanishi mumkin.

Shu bilan birga, vart oyida bodring narxi eng yuqori pasaygan (–20,7 foiz). Shuningdek, karam (–4,7 foiz),  piyoz (–4,6 foiz) kabi oziq-ovqatlar narxi ham yuqori pasaygan.

Yil davomida narxi eng yuqori pasaygan tovar qovoq bo‘lgan (–51,9 foiz). Shuningdek, guruch (uzun boshoqli –13,2 foiz, yumaloq boshoqli –12,6 foiz), piyoz (–9,2 foiz) kabi muhim oziq-ovqatlar narxida nisbatan yuqori pasayish qayd etilgan.

Yillik hisobda limon narxi eng ko‘p (91,4 foiz) ko‘tarilgan meva bo‘lgan. Shuningdek, yillar bo‘yicha taqqoslanganda qo‘y go‘shti (18,2 foiz), tuxum (17,1 foiz) kabi muhim oziq-ovqat mahsulotlari o‘sish ro‘yxatidan joy olgan.

Xizmatlar sohasi dominantligi

Agar oziq-ovqatlar oylik inflatsiyaning «dvigateli» bo‘lgan bo‘lsa, xizmatlar yillik inflatsiyaning asosiy drayveri bo‘lib qolmoqda. Yillik hisobda eng ko‘p qimmatlashgan 20 ta pozitsiyaning 12 tasi xizmatlar sohasiga tegishli.

Sug‘urta va transport: Yillik hisobda transport vositalarini sug‘urtalash (281,8 foiz), trolleybus haqi (100 foiz), narxlari eng yuqori oshgan tovarlar bo‘lgan. Bundan tashqari, ichki va xalqaro havo transporti (mos ravishda –10,9 foiz va –5,4 foiz), pul o‘tkazmalari uchun haq (–6,6 foiz) kabi xizmatlar narxida pasayish qayd etilgan.  

Energiya va yoqilg‘i: Nooziq-ovqatlardan shaxsiy transport vositalari uchun propan (–3,2 foiz),  benzin AI-95 va AI-92 (tegishlicha –1,3 foiz va –0,9 foiz), shuningdek AI-98 (–0,4 foiz) narxlari yuqori pasaygan tovarlar bo‘lgan.

Muqobil inflatsiya prognozlari

Mart oyida oylik yillikka tenglashtirilgan inflatsiya 7,4 foizni tashkil etgan.

Tozalangan inflatsiya: Meva va sabzavotlar ta’sirini chiqarib tashlaganda, inflatsiya 6,2 foizni tashkil etmoqda.

Kelajak prognozi: Agar so‘nggi uch oylik sur’at saqlanib qolsa, kelasi yilga borib yillik inflatsiya 7,9 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Mavsumiy omillar: 6 oylik yillikka tenglashtirilgan inflatsiyaning 8,4 foizligi asosan mavsumiy omillar bilan bog‘liq. Ushbu omillarsiz hisoblanganda, ko‘rsatkich Markaziy bankning o‘rta muddatli targetiga (maqsadiga) yaqin shakllanmoqda.

Mart oyi tahlili shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston iqtisodiyotida inflatsiya jilovlanishda davom etmoqda, biroq xizmatlar narxining yuqori sur’atda o‘sishi va oziq-ovqat mahsulotlarining tashqi omillarga ta’sirchanligi asosiy xatarlar sifatida qolmoqda.

Avvlroq Prezident Sh.Mirziyoyev 2026-yilda inflatsiyani 6-6,5 foiz doirasida saqlab qolishni eng muhim vazifa etib belgilagani haqida xabar bergan edik.

Shuningdek, fevral oyida nimalar qimmatlagani haqidagi ma’lumotlar bilan ham tanishing.

Teglar

Mavzuga oid