
O‘zbekistonda iqtisodiy faol aholining uchdan bir qismi kamida bitta bank kreditiga ega
03.07.2025 | 09:0011353
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kredit mablag‘laridan foydalanayotgan aholi soni yildan-yilga ortib bormoqda. bugungi kunda iqtisodiy faol aholining qariyb 33 foizi kamida bitta bank kreditiga ega.

Markaziy bank tarqatgan so‘nggi hisobotga ko‘ra, mamlakatda qariyb 5 million kishi kamida bitta bank kreditiga ega. Shu bilan birga, kredit oluvchilarning taxminan 27 foizi, ya’ni 1,4 million fuqaro ikki yoki undan ortiq kreditdan foydalanmoqda. Bu ko‘rsatkich 2020 yildan beri barqaror o‘sish yo‘lida ekanini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, bir nechta kreditga ega bo‘lganlar ulushining ortishi e’tiborga molik. 2020 yil boshida uchta yoki undan ko‘p kreditga ega bo‘lganlar ulushi 5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilning iyuniga kelib bu ko‘rsatkich 11 foizga yetgan. Shu davr mobaynida ikki kreditga ega bo‘lganlar ulushi 13 foizdan 16 foizgacha o‘sgan.
Markaziy bank mutaxassislarining ta’kidlashicha, bu o‘zgarishlar aholining kredit vositalaridan ko‘proq foydalanayotganini va moliyaviy resurslarga bo‘lgan ehtiyoj oshib borayotganini anglatadi. Bu holat aholining moliyaviy faolligi ortib borayotganini ham ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, faqat bitta kreditga ega bo‘lganlar ulushi kamaygan. 2020 yilda bunday fuqarolar ulushi 82 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 73 foizga tushgan. Bu esa fuqarolarning moliyaviy majburiyatlari ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar fikricha, bunday tendensiya moliya bozorida raqobatning oshishi va bank xizmatlarining turli xil yechimlar bilan boyishi natijasida yuzaga kelmoqda. Bundan tashqari, aholi orasida ipoteka, iste’mol va tadbirkorlik kreditlariga talab oshib borayotgani ham bu jarayonga turtki bermoqda.





