
O‘zbekistonda «Kelajak merosi» xalqaro mukofoti ta’sis etildi
Xalqaro mukofotning har bir yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblar statuetka, diplom va 10 ming dollar miqdoridagi bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

3 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan «Kelajak merosi» nomli xalqaro mukofotni ta’sis etish to‘g‘risida qaror imzolandi.
Mukofot mahalliy va xorijiy ijodkorlar, olimlar hamda ziyolilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning madaniyat va ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini e’tirof etish maqsadida joriy etilmoqda.
Hujjatga ko‘ra, xalqaro mukofot uchun tanlovlar 2025 yildan boshlab har yili quyidagi yo‘nalishlarda o‘tkaziladi: adabiyot, madaniy meros, teatr va kino, musiqa va raqs, tasviriy va amaliy san’at, moda va dizayn, shuningdek ilm-fan, ta’lim hamda raqamli texnologiyalar.
Har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar “Kelajak merosi” statuetkasi, diplom va 10 ming AQSH dollari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Mukofotni topshirish marosimi xalqaro darajada o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ta’kidlanishicha, mazkur tashabbus nafaqat milliy madaniyat va ilmiy salohiyatni rag‘batlantirish, balki jahon miqyosidagi ilg‘or ijodkorlar bilan hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, bundan oldin ham O‘zbekistonda jadidchilik harakati namoyandalaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy hamda teatr va kino arbobi Bahodir Yo‘ldoshev nomidagi mukofotlar ta’sis etilgan edi.





