add

O‘zbekistonda nasiya bozorini davlat tomonidan nazoratga olish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda nasiya savdosi orqali aholining qarz yuki ortib bormoqda. Mazkur bozorni davlat tomonidan tartibga solish va majburiy hisobot talablarini joriy qilish taklif etilmoqda.

O‘zbekistonda nasiya bozorini davlat tomonidan nazoratga olish rejalashtirilmoqda
O‘zbekistonda nasiya bozorini davlat tomonidan tartibga solish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 26 iyun kuni Senat yig‘ilishida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, hozirda nasiya savdo bo‘yicha aniq ma’lumot yo‘qligi aholi qarz yukini baholashda jiddiy muammolar keltirib chiqarmoqda. Timur Ishmetovga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, nasiya savdo bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar umumiy portfeli 8,5 trln so‘mni tashkil etgan. Bu miqdor yil sayin ortmoqda. Ushbu bozorda mikromoliya tashkilotlari va banklardan tashqari, asosan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat yuritmoqda. Ko‘p hollarda shartnomalarda ustama haqi va real foiz stavkalari aniq ko‘rsatilmagan. Bu holat natijasida mijozlar qarz yukini to‘g‘ri baholay olmayapti va natijada muammoli kreditlar soni o‘sishi xavfi paydo bo‘lmoqda. Hozirda O‘zbekistonda qarz yuki ko‘rsatkichi 50 foizdan oshmasligi kerak, ammo banklarda nasiya savdosi orqali olingan qarzlar hisobga olinmagani sababli, bu cheklov amalda buzilmoqda. Shuning uchun Markaziy bank nasiya bozorini nazorat qilish uchun huquqiy asos yaratishni taklif etmoqda. Jumladan, nasiya savdo tashkilotlari mijozlar haqidagi ma’lumotlarni kredit byurosiga majburiy tarzda yetkazishi va har bir shartnomada mahsulotga qo‘yilgan ustama haq oshkor qilinishi kerakligi ta’kidlanmoqda. Timur Ishmetov bu bozordagi biznesga qarshi emasligini, faqat aholining moliyaviy barqarorligini ta’minlash uchun shaffoflikni oshirish talab etilayotganini qayd etdi. Ushbu bozorda tovarlar bank kreditiga nisbatan 14–23 foizga qimmatroq taklif qilinayotgani, ustama miqdori esa 27,3 foizdan 44,3 foizgacha yetishi ma’lum qilindi.

Teglar

Mavzuga oid