O‘zbekistonda to‘lov tashkilotlari soni 50 taga yetdi

Bugun 14:562 daqiqa

Markaziy bank tomonidan shu kungacha jami 34 ta bangga, 1 ta mikromoliya bankiga va 50 ta to‘lov tashkilotiga litsenziya berilgan.

O‘zbekistonda to‘lov tashkilotlari soni 50 taga yetdi © brb.uz

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston moliya bozorida to‘lov xizmatlari segmenti faol o‘sishda davom etmoqda. Hozirgi kunda regulyator tomonidan 34 ta bank, 1 ta mikromoliya banki va 50 ta to‘lov tashkilotiga rasmiy litsenziya berilgan.

Yil boshidan buyon to‘rtta kompaniyaga «to‘lov tashkiloti» litsenziyasi taqdim etilgan. Ular qatoriga «DIGITAL PAY» AJ, «PAYPOINT» AJ, «WHIRL» AJ hamda «ZAYTUN TECH» AJ lar kiradi. Bu holat mamlakatda raqamli moliyaviy xizmatlarga qiziqish va fintex ekotizimining kengayib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Markaziy bank ma’lumotlarida qayd etilishicha, ro‘yxatdan o‘tgan eng so‘nggi to‘lov tashkiloti sifatida «ZAYTUN TECH» aksiyadorlik jamiyati faoliyat yuritadi. Kompaniyaga 67-sonli litsenziya 2026-yil 6-mart kuni rasmiy ravishda berilgan va u cheklanmagan muddat uchun amal qiladi.

«ZAYTUN TECH» haqida


Korporativ axborot yagona portali ma’lumotlariga ko‘ra, «ZAYTUN TECH» 2023-yilda davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Kompaniya shu paytgacha bank va moliya sohasi uchun raqamli platformalar hamda dasturiy yechimlar ishlab chiquvchi fintex startap sifatida faoliyat olib borgan.

Kompaniyaning ustav kapitali 20 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Uning yuridik manzili Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan. Korxona boshqaruv raisi Ruslan Mamutov hisoblanadi.

Ma’lum qilinishicha, kompaniya tomonidan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishga mo‘ljallangan «ZAYTUN» mobil ilovasi ishlab chiqilgan va sinov jarayonlaridan o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank 2025-yil 6-noyabr kuni mamlakatdagi ilk mikromoliya banki «TAYANCH MIKROMOLIYA BANKI» aksiyadorlik jamiyatiga faoliyati uchun litsenziya bergandi. Shuningdek, Tojikistonning «Alif» fintex kompaniyasi O‘zbekistonda mikromoliya banki ochish uchun Markaziy bankka ariza topshirgan.

Teglar

Mavzuga oid