
O‘zbekistonda to‘ylarga qancha xarajat qilinmoqda? — «Yuksalish» so‘rovnomasi
09.07.2025 | 18:2010754
«Yuksalish» harakati tomonidan 2025 yil iyun–iyul oylarida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnoma natijalari O‘zbekistondagi to‘y an’analariga bo‘lgan jamoatchilik munosabatini ochiqladi. Aholi ortgan to‘y xarajatlarini ijtimoiy bosim va madaniy odatlar bilan bog‘lamoqda.

«Yuksalish» umummilliy harakati 19 iyundan 3 iyulgacha respublika bo‘ylab o‘tkazgan so‘rovnomada 1247 nafar fuqaro qatnashdi. So‘rov ishtirokchilari turli yosh va mintaqalarni qamrab oldi. Ulardan 71 foizdan ortig‘i turmush qurganlar bo‘lib, to‘y masalasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tajribaga ega.
So‘rov natijalariga ko‘ra, 81 foizdan ko‘pi — oylik daromadini 5 mln so‘mdan 12 mln so‘mgacha deb ko‘rsatgan. Shu bilan birga, to‘y xarajatlari 50–100 mln so‘m va undan ortiq ekani ma’lum bo‘ldi. Bu ko‘p hollarda bir yillik daromadga teng.
Ishtirokchilarning aksariyati to‘ylarni «o‘zi va yaqinlari yordamida» moliyalashtirganini aytgan (55 foizi), 25 foizga yaqini esa qarzga to‘y qilayotganini bildirgan. Hammasiga sabab sifatida esa jamoatchilik bosimi, «elga to‘y berish» majburiyati va ota-onalar orzusi ko‘rsatilgan.
Respondentlarning katta qismi hashamatli to‘ylarni ma’qullamaydi. 39 foizdan ko‘proq kishi kamtarona to‘yni afzal ko‘rgan. Shu bilan birga, 44 foiz kishi to‘ydagi ortiqcha xarajatlardan afsuslanganini bildirgan. Ayrimlar pulni to‘y o‘rniga ta’lim, uy-joy, sog‘liqni tiklash yoki biznesga sarflashni ma’qul deb bilgan.
So‘rovda ishtirok etganlar to‘y marosimlarini soddalashtirishni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ular mehmonlar sonini qisqartirish, ba’zi marosimlardan voz kechish va targ‘ibot ishlarini kuchaytirish taklifini bildirgan. Faqat 7 foizgina hech qanday o‘zgarish kerak emas degan.
O‘zbekistonda to‘y an’analarini isloh qilishga bo‘lgan ijtimoiy ehtiyoj ortmoqda. Jamiyatda to‘ylarni ma’naviy va iqtisodiy jihatdan me’yorlashtirishga tayyorlik yuqori.





