
O‘zbekistondagi xorijiy kompaniyalarning katta qismi xitoyliklar tomonidan ochilgan
So‘nggi besh yilda O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni qariyb ikki baravarga ko‘paydi — joriy yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, ularning umumiy soni 17 mingdan oshdi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning 1 oktyabri holatiga mamlakatda chet el investitsiyalari ishtirokida jami 17 188 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ulardan 4 134 tasi qo‘shma, 13 054 tasi esa to‘liq xorijiy korxonalardir. Bu ko‘rsatkich 2019 yilga nisbatan 1,8 barobar ko‘p bo‘lib, so‘nggi besh yilda qariyb 7,5 mingta yangi xorijiy ishtirokchi kompaniya tashkil etilganini ko‘rsatadi.
Joriy yil boshida bunday korxonalar soni 14 871 ta bo‘lgan. Demak, 2025 yilning yanvaridan oktyabrigacha mamlakatda 2 300 dan ziyod yangi xorijiy yoki qo‘shma korxona ochilgan.
Faoliyat yuritayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar orasida Xitoy yetakchilik qilmoqda — uning ishtirokidagi korxonalar soni 4 570 tani tashkil etmoqda. Keyingi o‘rinlarda Rossiya (3 150 ta), Turkiya (2 048 ta), Qozog‘iston (1 165 ta) va Janubiy Koreya (681 ta) turibdi. Shuningdek, Afg‘oniston (616 ta), BAA (377 ta), Tojikiston (364 ta), Hindiston (343 ta) va Qirg‘iziston (339 ta) ham O‘zbekistonda faol sarmoyador davlatlar qatorida.
Xitoyning ishtirokidagi korxonalar soni yil boshidan beri 1 200 tadan ziyodga oshgan — 3 357 tadan 4 570 taga yetgan. Bu mamlakat sarmoyadorlarining O‘zbekiston bozoriga qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi. Rossiya va Turkiyadan ham investitsiya oqimi o‘sgan — mos ravishda 213 va 222 ta yangi kompaniya faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Yil boshidan buyon chet el ishtirokidagi korxonalar soni 15 foizdan ortiqka ko‘paydi. Yangi ochilgan korxonalarning qariyb yarmi Xitoy va Rossiya sarmoyadorlariga to‘g‘ri kelmoqda. Bu tendensiya O‘zbekiston iqtisodiyotida faol kapital oqimi asosan Yevroosiyo va Osiyo mamlakatlari tomonidan ta’minlanayotganini anglatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentga Xitoydan 202 ta yangi elektrobus olib kelinganligi haqida xabar bergan edik.





