
O‘zbekistonliklar uchun Rossiyaga kirishda QR-kod majburiy bo‘ladi
19.05.2025 | 15:4534542
2025 yil 30 iyundan boshlab, Rossiyaga vizasiz tartibda sayohat qiladigan chet el fuqarolari, jumladan, o‘zbekistonliklar ham chegarada QR-kod taqdim etishlari shart bo‘ladi.

Bu haqda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limi ma’lum qildi. QR-kod , «Gosuslugi RuID» mobil ilovasi orqali olinadi. Ilova orqali ro‘yxatdan o‘tish, shaxsiy kabinet yaratish, fotosurat va shaxsiy ma’lumotlarni yuklash hamda Rossiyada bo‘lish muddatini ko‘rsatish talab qilinadi.
Arizani safardan kamida 72 soat oldin taqdim etish kerak. Favqulodda holatlarda (masalan, og‘ir kasallik yoki yaqin qarindoshning vafoti) arizani 4 soat qolganda ham topshirish mumkin.
Belarus fuqarolari, 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar va Rossiya vizasi, vaqtincha yoki doimiy yashash ruxsatnomasiga ega shaxslar ushbu talabdan ozod qilinadi. 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun arizani ularning ota-onalari yoki qonuniy vakillari topshiradi, ularda ham shaxsiy ro‘yxatdan o‘tish kodi bo‘lishi kerak.
Yangi tartib Rossiya hukumatining 2024 yil 7 noyabrda qabul qilingan chet el fuqarolariga oid tajriba loyihasi asosida joriy etilmoqda.





