
O‘zbekistonning asosiy savdo sherigi, «El yurt umidi» jamg‘armasining fosh bo‘lgan siri va Mubashshir Ahmadning yana qoldirilgan sudi — 22 sentyabr dayjesti
22.09.2025 | 22:05443110
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Alisher Tursunov (Mubashshir Ahmad)ning sudi yana qoldirildi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tuman sudida, bugun 22 sentyabr kuni ko‘rilishi lozim bo‘lgan taniqli diniy ulamo Alisher Tursunov (Mubashshir Ahmad) ishi bo‘yicha sud majlisi 29 sentyabr soat 14:00 ga qoldirildi.
Ishni ko‘rayotgan sudya Bobur Rahimov «ayni vaqtda boshqa sud majlisi bo‘yicha maslahatga kirib ketgani» sababli diniy ulamo Mubashshir Ahmad ishi bo‘yicha sud majlisi 29 sentyabrga qoldirildi. Oldingi majlisda prokuror Erkin Narzullayev suddan «7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish» va «BHMning 150 barobari miqdorida jarima» qo‘llashni so‘ragandi.
Odamlarning buyrak va jigari kabi a’zolarini sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh ushlandi
Toshkent shahri va Toshkent, Farg‘ona, Buxoro hamda Qashqadaryo viloyatlarida yashovchi 12 nafar fuqarodan iborat jinoiy guruh ijtimoiy tarmoqlar orqali buyrak va jigar kasalliklaridan aziyat chekayotgan bemorlarni topib va sog‘lom fuqarolarni mo‘may pul zvaziga o‘z organini sotishga qiziqtirib, chet eldagi tanishlari yordamida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni qalbakilashtirish orqali ularni go‘yoki qarindosh sifatida ko‘rsatib, qo‘shni davlatlardan biridagi xususiy klinikada jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirishgan. Uyushgan jinoiy guruhning 2023-2025 yillardagi faoliyati davomida 32 nafar bemorga buyrak yoki jigar to‘qimalari ko‘chirib o‘tkazilgan.
O‘z navbatida, bemorlardan olingan katta miqdordagi pul mablag‘larining ma’lum bir qismi operatsiya uchun xususiy klinikaga hamda donorlarga berilgan, qolgani esa o‘zaro taqsimlangan. Shuningdek, jarrohlik amaliyotidan keyin sog‘liqlarida ijobiy o‘zgarish bo‘lmagan bemorlarga og‘riqni qoldirish maqsadida jinoiy guruh tomonidan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari qimmat narxlarda sotilgan.
«20 foiz bitiruvchi ishsiz, 30 foizi esa oddiy mutaxassis» — «El yurt umidi» jamg‘armasi vakili
Vaqt.uz tahririyatiga «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiantlarining Telegram guruhida o‘tkazilgan va jamg‘armaning raqamlashtirish hamda data analitika bo‘limi boshlig‘i Jasurbek Qaynarbekovga tegishliligi aytilgan audio yetib keldi. Unda Qaynarbekovning jamg‘arma bitiruvchilariga oid statistikalar, bitiruvchilarning ishga joylashishidagi muammolar, O‘zbekistondagi «negativlar» hamda jamg‘arma endilikda stipendiantlarga oid ma’lumotlarning jamoatchilikka ochiqlamoqchi emasligi kabi masalalarda gapirganini eshitish mumkin.
Qaynarbekov telegram orqali tashkil qilingan yig‘ilishda dastlab «El-yurt umidi» jamg‘armasi bitiruvchilarining ishga joylashishidagi muammolar va shu yo‘nalishdagi og‘riqli statistika haqida gapiradi.
«Hozir misol uchun bitta narsani ochaman sizlarga, statistika tahlil qildim. Endi u tahlillarni sizlarga tashlay olmayman. Shu kunga qadar 500 dan oshiq stipendiat o‘qishni bitirib kelgan. Ularni tasavvur qilinglar, 20 foizdan oshig‘i ishsiz yuribdi. Ya’ni bu my.mehnat.uz’dan tortilgan ma’lumot. 27-30 foizi oddiy yetakchi mutaxassis bo‘lib ishlayapti. 157 nafari ta’lim sohasida ishlayapti, lekin lavozim jihatdan past lavozimlarda. Atigi 22 tasi milliy darajadagi tashkilotlarda ishlayapti. 30 dan oshig‘i boshqarma boshlig‘i yoki departament, yoki bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlamoqda», — deydi mutaxassis.
Yana birinchi o‘rinda – bugun Toshkent dunyodagi havosi eng iflos shahar bo‘ldi
Jizzax viloyatida havo tarkibidagi mayda RM–2.5 dispers zarrachalari qiymati milliy ruxsat etilgan standartdan 7–8 barobar yuqori aniqlandi. Shamolning janub–g‘arbiy yo‘nalishda esishi mazkur chang massalarini Toshkentga ham olib kelmoqda.
Ayni vaqtda poytaxt havosida RM–2.5 zarrachalari ko‘rsatkichi keskin ortib bormoqda. Toshkent xalqaro aeroportida g‘ubor sababli ko‘rinish masofasi 5 km gacha pasaygan. Shamol tezligi soniyasiga 4 metrga yetgani uchun Qozog‘iston janubi va Toshkent viloyatidan kelayotgan mayda chang shahar havosini qoplamoqda.
IQAir platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent dunyodagi havosi eng iflos shaharlar ro‘yxatida birinchi o‘ringa chiqdi. Poytaxtda PM10 zarrachalari 395,7 mkg/m³, PM2,5 zarrachalari esa 49 mkg/m³ darajada qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich JSSTning 5 mkg/m³ me’yoridan o‘nlab marta yuqori.
O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 51 mlrd dollardan oshdi
O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 2025 yilning yanvar—avgust oylarida 51,4 mlrd dollarga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,8 foizga ko‘pdir. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, eksport hajmi 22,9 mlrd dollarga, import esa 28,4 mlrd dollarga yetgan. Shu bilan mamlakat tashqi savdosi 5,47 mlrd dollarlik manfiy saldo bilan yakunlangan.
Asosiy savdo sheriklari orasida Xitoy (18,9 foiz), Rossiya (16,1 foiz), Qozog‘iston (5,9 foiz), Turkiya (3,7 foiz) va Koreya Respublikasi (2,2 foiz) yetakchi o‘rinlarda turibdi. Eksportning 75 foizini tovarlar tashkil etgan: sanoat mahsulotlari 11,1 foiz, oziq-ovqat va hayvonlar 7,8 foiz, kimyo mahsulotlari 5,9 foiz hamda mineral yoqilg‘i va moylar 4,4 foizni tashkil qildi.





