O‘zbekistonning BAAdagi yangi elchisi tayinlandi. U eksportni ikki karra oshirmoqchi

Yangi elchi Umid Shodiyev BAAni nafaqat bozor, balki Afrika va Janubiy Osiyoga chiqish uchun re-eksport markaziga aylantirishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekistonning BAAdagi yangi elchisi tayinlandi. U eksportni ikki karra oshirmoqchi © Олий Мажлис Сенати

Bugun, 8-aprel kuni Oliy Majlis Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga asosan Umid Rustamovich Shodiyevni O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Arab Amirliklaridagi Favqulodda va muxtor elchisi lavozimiga tayinlash masalasi ko‘rib chiqilib, u ushbu lavozimga tasdiqlandi.

Senat majlisida so‘zga chiqqan Shodiyev elchi sifatida nimalari qilishni rejalashtirgani haqida gapirar ekan, maqsadli investorlar modeliga o‘tishni taklif qilishini aytdi.

«Eng yirik kompaniyalarni aniqlab olib, asosiy urg‘uni ularga qaratib, ular bilan aniq natijaga erishishni ko‘zlagan bo‘lardik. Birinchisi, bu «DP World», logistika tomonidan biz bilan ishlab beradigan kompaniya. «Masdar» bilan yaxshi energetika bo‘yicha yana faol investorlarni kiritish borasida ishlardik. Va «Mubadala Investment Company», bu suveren fond va uning imkoniyatlari juda ham cheksiz va bu borada ham ishni aniq bir KPI asosida amalga oshirgan bo‘lardik», – dedi Shodiyev.

Islom moliyasi

Umid Shodiyev investitsiyani jalb qilishdagi asosiy masaladan biri bu islom moliyasini joriy qilish muammo bo‘lib kelganini qayd etdi. U 27-mart kuni imzolangan va 3 oydan so‘ng kuchga kiradigan yangi qonun katta imkoniyatlarni yaratib berishini ta’kidladi.

«Qonunchilikka Islomiy bank faoliyati, Islomiy moliya prinsiplari, Islomiy moliya standartlari hamda investitsiyaviy omonat depozit tushunchalari kiritildi. Bundan biz unumli foydalanishimiz kerak va Abu Dabida har bir investorga bizda yangi yaratilgan sharoit bo‘yicha taqdimotlarni o‘tkazishimiz kerak va, albatta, bu borada ishlarni jadallashtirilgan holda amalga oshiramiz.

Bu Arab Amirliklari investorlari uchun jozibador xabar bo‘ladi va buning targ‘ibotini, albatta, amalga oshiramiz. Umuman olganda, 2026-yilda qiymati 20 milliard dollarga yaqin bo‘lgan 66 ta loyiha doirasida 1.6 milliard dollarlik investitsiya o‘zlashtirilishiga qo‘ldan kelgancha harakat qilamiz va buni ta’minlaymiz», – dedi elchi.

Eksportni 2 karra oshirish va re-eksport xabi

Umid Shodiyevning aytishicha, asosiy maqsad yil yakuniga qadar eksport hajmini ikki barobarga oshirish va 100 dan ortiq korxonalarning Birlashgan Arab Amirliklari bozoriga olib kirish va elektron platformalarda o‘z mahsulotlarini sotishni yo‘lga qo‘yish. Ya’ni, bu birinchi o‘rinda meva-sabzavotlar, organik mahsulotlar va tayyor tekstil mahsulotlari.

«Biz doim Birlashgan Arab Amirliklarini yakuniy bozor sifatida qaraymiz, lekin shu bilan birga biz Arab Amirliklarini re-eksport xabi sifatida ham ko‘rib chiqishimiz kerak. Chunki Dubay orqali Afrika va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyatimiz mavjud», – dedi u.

Turizm va boshqa yo‘nalishlar

Oxirgi ikki yarim yil davomida turizm sohasida faoliyat yuritgan Shodiyev bu borada ma’lum tajribaga ega bo‘lganini eslatib, bu tajribani, albatta, Arab Amirliklarida ham tadbiq qilishini qayd etdi.

«Birinchi o‘rinda Arab Amirliklaridan turizmga qarayotganimizda premium klass va lyuks turizmni biz targ‘ibot qilishimiz kerak», – dedi elchi.

Umid Shodiyev Birlashgan Arab Amirliklarining prezidentining O‘zbekistonga ilk tashriflarini amalga oshirish, joriy yil oxirigacha o‘tishi kerak bo‘lgan Ko‘rfaz mamlakatlari va Markaziy Osiyo davlatlarining uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish, vazirliklar bilan muhokamalar davomida aniqlangan 13 ta salohiyatli hujjatni shu yilning o‘zida hukumatlararo va idoralararo ikkitomonlama hujjatlarga aylantirishga harakat qilishini aytdi.

«Yana bir muhim masala – vatandoshlarimizning manfaatini himoya qilish. Birlashgan Arab Amirliklarida bu masalada ham biz aniq rejalarni qilib olganmiz. Elchixona xodimlari bilan birga birinchi o‘rinda konsullik maslahatlashuvlarini amalga oshiramiz va ular orqali Arab tomoniga fuqarolarimizning manfaatini himoya qilish uchun nima ishlar amalga oshirish kerakligi bo‘yicha pozitsiyamizni yetkazamiz», – dedi Umid Shodiyev.

Umid Shodiyev kim?

Umid Rustamovich Shodiyev 2018-yil avgustidan 2023-yil iyuligacha O‘zbekistonning UNESCO huzuridagi doimiy vakili lavozimida ishlagan. U 2023-yil iyuldan 2025-yil dekabriga qadar Turizm qo‘mitasiga rahbarlik qilib kelgan.

Teglar

Mavzuga oid