Logo

O‘zbekistonning JSTga a’zoligi ortidan avtomobil narxlari arzonlashadimi?

Kecha 17:256 daqiqa

O‘zbekistonning 2026-yili Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lishi kutilmoqda. Bu ortidan xorijiy avtomobillar arzonlashishi haqida turli taxminlar paydo bo‘ldi. BAmmo tahlillarga ko‘ra, import avtomobillari narxi keskin pasaymaydi, asosiy o‘zgarishlar esa mahalliy avtomobilsozlikda kuzatilishi mumkin.

O‘zbekistonning JSTga a’zoligi ortidan avtomobil narxlari arzonlashadimi?

2026-yil 6-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning 2026-yili Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lish jarayonlarini yakunlashni topshirgan edi. Bugunga qadar ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishga qiziqish bildirgan 35 davlatdan 33 tasi bilan kelishuvga erishilgan. Hozircha faqat Qozog‘iston va Tayvan bilan muzokaralar yakunlanmagan.

Buning ortidan ijtimoiy tarmoqlarda avtomobil bozori yuzasidan turli fikrlar tarqaldi. Ayrimlar xorijdan olib kiriladigan avtomobillar keskin arzonlashini, foydalanilgan mashinalarga bojlar bekor qilinishi va mahalliy avtosanoat inqirozga uchrashini taxmin qilmoqda. Aslida real vaziyat qanday?

Jahon savdo tashkilotiga kirish jarayonida davlatlar bojxona tariflari bo‘yicha majburiyatlarni kelishib oladi. O‘zbekiston tomoni avtomobil sanoatini himoya qilish maqsadida import bojlari bosqichma-bosqich pasaytirilishi haqidagi kelishuvga erishgan. Utilizatsiya yig‘imi esa saqlab qolindi, chunki bu JSTning tarif majburiyatlariga kiritilmagan. Shu sababli mamlakatda arzon xorijiy avtomobillar oqimi yuzaga kelmaydi, deb xabar bermoqda Autostrada nashri.

Aksincha, tashkilotga a’zo bo‘lish yirik avtomobil kompaniyalarini mashinalarni chetdan olib kelishga emas, balki O‘zbekistonda zavod ochib ishlab chiqarishga ko‘proq undaydi.

Nega xorijiy avtomobillar sezilarli arzonlashmaydi?

JST faqat bojxona tariflarini tartibga soladi. Tashkilotga a’zo bo‘layotgan davlat muzokaralar davomida boj stavkalarining maksimal chegarasini belgilaydi va keyinchalik undan yuqori tariflarni qo‘llay olmaydi.

Ammo boj avtomobilni bojxona rasmiylashtirish xarajatlarining faqat bir qismi hisoblanadi. Bundan tashqari, notarif to‘siqlar ham mavjud. Xususan, utilizatsiya yig‘imi ichki ekologik to‘lov hisoblanadi va JSTning tarif majburiyatlariga kiritilmagan.

Rossiya, Qozog‘iston va Vietnam ham JSTga a’zo bo‘lgach, aynan shu mexanizm orqali milliy avtosanoatini himoya qilgan. O‘zbekiston ham xuddi shunday yo‘l tutib, 2021-yili utilizatsiya yig‘imi joriy etgandi.

Prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunovning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston avtomobil sanoati «sezgir tarmoqlar» qatoriga kiritilgan bo‘lib, ushbu soha uchun sakkiz yilgacha davom etadigan o‘tish davri mavjud.

KPMG prognoziga ko‘ra, transport vositalarini import qilish boji o‘rtacha 15 foizdan 10,8 foizgacha kamayadi. Biroq bu o‘zgarish bir zumda emas, balki uzoq vaqt davomida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

BMW avtomobili misolida bojxona to‘lovlari

JSTga a’zo bo‘lgach, bojxona to‘lovlari qanday o‘zgarishini ikki litrli dvigatelga ega yangi BMW 320i misolida ko‘rib chiqamiz.

Ushbu modelning Germaniyadagi o‘rtacha narxi 51 900 yevroni tashkil etadi. Eksport vaqtida Germaniyadan QQS undirilmaydi va avtomobil xaridorga 43 600 yevroga tushadi. Yevroga nisbatan dollarning joriy kursi hamda avtomobilni yetkazib berish xarajatlarini hisobga olganda, bu O‘zbekiston chegarasida taxminan 50 000 dollarga yetadi.

1

Hisob-kitoblarga ko‘ra, JST majburiyatlari to‘liq kuchga kirgach, yangi import avtomobili xaridori uchun iqtisod qilinadigan summa taxminan 2 350 dollar, ya’ni yakuniy narxning 3,3 foizini tashkil etadi. Bundan tashqari, ushbu pasayish bir necha yil davomida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Valuta kursining o‘zgarishi yoki utilizatsiya yig‘imining qayta ko‘rib chiqilishi esa bu farqni deyarli yo‘qqa chiqarishi mumkin.

Eski avtomobillar bozorida nimalar o‘zgaradi?

Ishlab chiqarilganiga uch yildan oshgan avtomobillar uchun yuqori bojxona bojlari amal qiladi. Asosiy boj stavkasi 40 foiz hamda dvigatel hajmining har bir kub santimetri uchun 3 dollar, utilizatsiya yig‘imi esa 210 BHM (taxminan 6 920 dollar)ni tashkil etadi.

Masalan, 2017-yili ishlab chiqarilgan 25 000 dollarlik Mercedes E-Class avtomobili (dvigatel hajmi 2 litrli) Toshkentda ro‘yxatdan o‘tkazilguniga qadar 53 670 dollarga aylanadi. Bunda boj 16 000 dollar, utilizatsiya yig‘imi 6 920 dollar, QQS 5 750 dollarni tashkil qiladi. Umumiy «rastamojka» dastlabki narxning 115 foizini tashkil qiladi.

Minilgan xorijiy avtomobillar uchun bojxona bojlari sezilarli darajada kamaytirilgan taqdirda ham, bozor utilizatsiya yig‘imi hisobiga himoyalanganicha qoladi.

Milliy avtosanoat

Bugungi kunda avtomobil ishlab chiqaruvchilari butlovchi qismlarni asosan hukumat tomonidan taqdim etilgan imtiyozlar asosida import qilmoqda. JSTga a’zolikdan so‘ng esa barcha ishlab chiqaruvchilar jahon bozoridagi xomashyo va butlovchi qismlardan teng sharoitlarda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bu yangi avtomobil brendlarining O‘zbekiston bozoriga kirish xarajatlarini kamaytiradi hamda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun alohida hukumat qarorlari yoki maxsus imtiyozlarga bo‘lgan ehtiyojni qisqartiradi.

Shu bilan birga, mamlakatda faoliyat yuritayotgan avtomobil ishlab chiqaruvchilari eksport bozorlariga chiqish va ishlab chiqarish uchun zarur xomashyo hamda butlovchi qismlarni import qilishda yanada qulay sharoitlarga ega bo‘ladi.

Natijada O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish tayyor avtomobillarni import qilish yoki yirik uzelli yig‘ishga nisbatan iqtisodiy jihatdan ancha jozibador va foydali modelga aylanadi. Bu tendensiya esa allaqachon shakllana boshlagan.

Bu tendensiya allaqachon kuzatilmoqda.

Masalan, ADM Jizzakh korxonasida Kia, Haval, Changan va Chery brendlarining avtomobillari ishlab chiqariladi. 2025-yil yakuniga kelib korxonada mahalliylashtirish darajasi 35 foizga yetgan. 2026-yil mart oyida esa zavod Kia Sonet modeli bo‘yicha mahalliy mahsulot sertifikatini oldi va aprel oyidan boshlab Kia K3 modelining ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, BYD Uzbekistan ham ikki model bo‘yicha CKD (to‘liq uzelli yig‘ish) ishlab chiqarishini boshlagan.

Bugungi kunda avtomobil sanoatida plastik detallar, avtomobil oynalari, o‘rindiqlar, bamperlar va elektr simlari kabi qator butlovchi qismlar mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilmoqda.

Boshqa davlatlar tajribasi

O‘zbekiston JSTga dunyoda eng so‘nggi qo‘shilayotgan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Bu esa boshqa davlatlar tajribasidan xulosa chiqarish imkonini beradi. Kuzatuvlarga qaraganda, juda tez liberallashuv sanoatni zaiflashtiradi, haddan tashqari proteksionizm esa iste’molchilar manfaatiga zarar yetkazadi.

Vietnam

Vietnam JSTga 2007-yili — avtomobil sanoati hali yetarli darajada shakllanmagan paytda qo‘shildi. A’zolikdan so‘ng avtomobillarga qo‘llanilgan boj stavkalari 120 foizgacha bo‘lgan darajadan 70 foizgacha pasaytirildi. Keyinchalik, 2018-yildan boshlab ASEAN erkin savdo bitimi doirasida Tailand va Indoneziyadan import qilinadigan avtomobillar uchun bojlar to‘liq bekor qilindi.

Natijada import qilinadigan avtomobillar mahalliy yig‘ilgan avtomobillarga nisbatan arzonlashdi va ichki ishlab chiqarish raqobatbardoshligini yo‘qota boshladi. Faqat oradan qariyb 15 yil o‘tib, milliy elektromobil ishlab chiqaruvchisi VinFast ishga tushgach, sanoat yana qayta jonlandi. Xususan, kompaniya 2025-yili ichki bozorda 175 099 ta elektromobil sotgan.

Qozog‘iston

Qozog‘iston esa JSTga qo‘shilish jarayonida boshqa strategiyani tanladi. 2015-yili mamlakat avtomobil importiga yuqori darajada qaram edi. Xususan, 2014-yilning o‘zida Rossiyadan 109 mingta avtomobil import qilingan.

JST majburiyatlari kuchga kirishi bilan bir vaqtda utilizatsiya yig‘imi joriy etildi. Natijada avtomobil bozori keskin qisqarib, savdo hajmi 70 foizga kamaydi, avtomobillar narxi esa AQSH dollari hisobida qariyb 40 foizga oshdi. Bozorning tiklanish jarayonlari deyarli o‘n yil davom etgan.

Hozirgi kunga kelib, bu siyosat ma’lum darajada o‘z samarasini bergan. Mamlakatda Chevrolet, Hyundai, Kia, Chery, Changan, Haval, JAC, Jetour, Hongqi va Škoda avtomobillari ishlab chiqarilmoqda. 2025-yili eng ko‘p sotilgan o‘nta modelning barchasi Qozog‘istonda yig‘ilgan bo‘lib, avtomobil sanoati mashinasozlik tarmog‘i umumiy hajmining 40 foizdan ortig‘ini tashkil etmoqda.

Biroq ushbu natija iste’molchilar uchun avtomobillar narxining sezilarli qimmatlashuvi evaziga yuzaga kelgan.

Xaridorlar uchun nimalar o‘zgaradi?

Ko‘pchilik kutayotganidek, JSTga a’zolik ortidan O‘zbekistonga arzon narxlardagi Mercedes, BMW yoki boshqa premium avtomobillar ommaviy kirib kelmaydi.

Asosiy o‘zgarish import avtomobillarida emas, balki mamlakatda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarda namoyon bo‘lishi mumkin. Xomashyo va butlovchi qismlar importiga qo‘yilgan bojlarning bosqichma-bosqich qisqarishi hamda mahalliylashtirish darajasining oshishi ishlab chiqarish tannarxini pasaytirishga xizmat qiladi. Natijada mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar narxini bosqichma-bosqich kamaytirish uchun sharoit yaratiladi.

Biroq bu darhol sodir bo‘ladigan jarayon emas. Hisob-kitoblarga ko‘ra, asosiy ta’sir o‘rta muddatda, ya’ni 3–5 yil ichida namoyon bo‘lishi mumkin. Shu davrda ishlab chiqarish tannarxining taxminan 10–15 foizga qisqarishi ehtimoli mavjud.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonning JSTga a’zoligi ortidan avtomobil narxlari arzonlashadimi? | Vaqt.uz