
Pentagon rahbari: AQSH Ukrainaga kuchli «o‘t ochish quvvati» yetkazishga tayyor
16.10.2025 | 08:5945624
AQSH mudofaa vaziri Pit Hegset Ukrainaga «o‘t ochish quvvati» yetkazilishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Yevropa ittifoqchilari va’da etgan harbiy yordamlar endi Ukraina armiyasi uchun haqiqiy imkoniyatlarga aylanadi.

AQSH mudofaa vaziri Pit Hegset Ukraina qurolli kuchlari yaqin vaqtda «og‘ir harbiy quvvat» bilan ta’minlanishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, NATOning yevropalik ittifoqchilari tomonidan berilgan harbiy yordam majburiyatlari endi amaliy natijaga aylanmoqda.
«Ukrainaga yo‘l olgan narsa — bu chinakam o‘t ochish quvvati», — dedi Hegset telekanal CNNga bergan izohi orqali.Uning ta’kidlashicha, AQSH va Yevropadagi ittifoqchilar tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash Ukrainani yangi bosqichga olib chiqadi va frontdagi imkoniyatlarini keskin oshiradi. Bu bayonot fonida AQSH OAVlarda Pentagonning Ukrainaga uzoq masofali Tomahawk raketalarini yetkazish rejasi haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. The New York Times nashrining yozishicha, AQSH Mudofaa vazirligi Ukrainaga Tomahawk raketalarini sotish yoki bepul berish bo‘yicha reja ishlab chiqqan. Ammo bu qaror faqat prezident Donald Tramp «yashil chiroq» berganidan keyin amalga oshirilishi mumkin. Nashr manbasining ta’kidlashicha, Ukraina hozirda bunday raketalarni ishga tushirish uchun zarur bo‘lgan Typhon uchirish qurilmalariga ega emas. Ularni yetkazib berish esa Rossiya bilan «to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv xavfini» kuchaytiradi. Kreml bu imkoniyat taqdim etili borasidagi yangiliklarga javoban bir necha bor tahdid bildirgan. NYT nashrining qayd etishicha, Tramp ilgari «Tomahawkʼlar yetkazilishi haqidagi tahdidning o‘zi» Vladimir Putinni muzokara stoliga qaytishga majbur qilishi mumkin, deb hisoblagan. Ammo urushni to‘xtatishga Rossiya rahbari tayyor emasligi, AQSH prezidentini norozilikka solayotgani ta’kidlandi. Yevropa masalalari bo‘yicha ekspert Liana Fiksning ta’kidlashicha, bu qaror Tramp va Putin muloqotining natijasiga bog‘liq bo‘ladi. «Agar Putin uni yadroviy urush xavfiga ishontirsa, qaror kechiktirilishi mumkin», — dedi u. Shu bilan birga, Fiksning fikricha, «Tomahawkʼlar yetkazilishi Yevropaning Ukrainaga bosimni kuchaytirishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan strategiyasidan darak beradi».





