Logo

Poytaxtda tirbandliklarni kamaytirishga qaratilgan yangi transport yechimi joriy etilmoqda

Bugun 10:142 daqiqa

Endi avtobus yo‘laklari uchun maxsus deliniatorlar o‘rnatiladi. Mazkur chora jamoat transporti harakati uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratishga xizmat qilishi aytilmoqda.

Poytaxtda tirbandliklarni kamaytirishga qaratilgan yangi transport yechimi joriy etilmoqda © Toshkent shahar YHTEM

Toshkent shahrida avtobuslar harakati uchun mo‘ljallangan «A» toifasidagi alohida yo‘laklarni bosqichma-bosqich joriy etish ishlari davom etmoqda.

Xususan, Magic City hududidagi Furqat ko‘chasidan Xalqlar do‘stligi saroyi yaqinidagi Islom Karimov ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘l qismida «A» yo‘lagi uchun maxsus yo‘l chiziqlari chizildi. Shuningdek, ushbu yo‘lakni umumiy transport oqimidan ajratib turuvchi deliniatorlar — jismoniy ajratuvchi elementlarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur chora jamoat transporti harakati uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratishga xizmat qiladi. Endilikda avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklar nafaqat maxsus belgilash chiziqlari, balki qo‘shimcha ajratuvchi elementlar bilan ham mustahkamlanadi.

Deliniatorlar nima uchun kerak?

Xalqaro tajribaga ko‘ra, AQSH, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Singapur, Avstraliya hamda Boku kabi shaharlarda avtobuslar uchun ajratilgan alohida yo‘laklar jamoat transporti harakat tezligini oshirish, tig‘iz vaqtlardagi kechikishlarni kamaytirish va qatnov jadvalining barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Deliniatorlar esa alohida yo‘laklar samaradorligini yanada oshiradi. Ular boshqa transport vositalarining avtobus yo‘lagiga kirib ketishining oldini oladi, tartibsiz qayta saflanishlarni kamaytiradi.

30 dan ortiq ko‘chada yangi «A» yo‘laklari tashkil etiladi

Ma’lum qilinishicha, 2026 yil davomida Toshkentning 30 dan ortiq ko‘chasida “A” toifasidagi alohida yo‘laklarni tashkil etish rejalashtirilgan. Mazkur yo‘nalishlarda deliniatorlar va jamoat transporti samaradorligini oshirishga qaratilgan boshqa infratuzilma elementlari ham bosqichma-bosqich joriy etiladi. Loyihaning asosiy maqsadi — poytaxtda avtobuslar harakatini tezroq va barqarorroq qilishdir.

Teglar

Mavzuga oid

Poytaxtda tirbandliklarni kamaytirishga qaratilgan yangi transport yechimi joriy etilmoqda | Vaqt.uz