
Pul evaziga Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan Migratsiya agentligi xodimlari qo‘lga tushdi
26.08.2025 | 16:3110253
Janubiy Koreyaga ishga yuborish bahonasida yirik mablag‘larni noqonuniy yo‘l bilan o‘zlashtirgan Migratsiya agentligi mas’ullari DXX tomonidan jinoyat ustida qo‘lga olindi.

DXX ma’lumotiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Namangan viloyati filiali bosh mutaxassisi xizmat mavqeidan foydalanib, fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga yuborish bahonasida ulardan 41 ming AQSH dollari olgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida u mazkur noqonuniy faoliyatni agentlikning markaziy apparati bosh mutaxassisi bilan birga amalga oshirgani aniqlangan. Shu asosda tezkor tadbir davom ettirilib, ikkinchi mutasaddi ham pul mablag‘idan 15 ming dollar olgan vaqtda qo‘lga olingan.
Tekshiruvlar davomida mazkur xodimlar 2024 yilda 80 nafardan ziyod fuqarolarni Koreyaga ishga yuborish bahonasida 700 ming dollardan ortiq mablag‘ olgani, ammo va’da qilingan ishni amalga oshirmagani ma’lum qilindi. Natijada yuzlab fuqarolar aldanib, uzoq vaqt sarson bo‘lib yurgan.
Holat yuzasidan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168 va 28+211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Shu bilan birga, mazkur guruhning boshqa a’zolarini aniqlash va tergovga jalb qilish choralari ko‘rilmoqda.
Mutasaddilar fuqarolarni xorijga ishga yuborish bilan bog‘liq har qanday shubhali takliflar yuzasidan DXXning 1520 raqamli «Call-markazi»ga murojaat qilishga chaqirdi.





