
Putin Rossiya iqtisodiyotini safarbar etish va qurol ishlab chiqarishni kuchaytirishni buyurdi
12.06.2025 | 09:4011273
Rossiya prezidenti Vladimir Putin qurol-yarog‘ ishlab chiqarish hajmini zudlik bilan oshirish hamda iqtisodiyotni harbiy maqsadlarga safarbar etishni boshlash kerakligini bildirdi. U bu haqda davlat qurollanish dasturi muhokamasida aytdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2027–2036 yillarga mo‘ljallangan davlat qurollanish dasturi loyihasini muhokama qilish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Unda Putin Mudofaa vazirligi va harbiy-sanoat majmuasini qurolli kuchlar, ayniqsa, quruqlik qo‘shinlari salohiyatini tez orada oshirishga chaqirdi.
Rossiya prezidentining ta’kidlashicha, qurol ishlab chiqarishda shoshilinch choralar yetarli emas, endi esa uzoq muddatli, to‘liq moslashtirilgan va safarbarlik rejalariga bog‘liq yangi dasturni amalga oshirish zarur. U iqtisodiyotning harbiy ehtiyojlar bilan uzviy bog‘liq ravishda ishlashi kerakligini ta’kidladi.
Putin yadroviy uchlikni alohida tilga olib, uni Rossiya suverenitetining asosiy kafolatchisi deb atadi. Shuningdek, yangi qurol turlari uchun infratuzilmalar — arsenallar, bazalar va aerodromlarni oldindan tayyorlash zarurligini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya avvalgi qurollanish dasturi doirasida 2012–2022 yillarda 20 trln rubl sarflagan edi. Unda minglab samolyot va vertolyotlar, zamonaviy tanklar, yangi bombardimonchi uchoqlar qurolli kuchlarga yetkazilishi kerak edi. Ammo Ukrainaga qarshi urushda Rossiya armiyasi eski texnika va qog‘oz xaritalar bilan harakat qilgan.
Rossiya bu holatdan so‘ng tezkor ravishda qurol ishlab chiqarish hajmini bir necha baravar oshirdi. 2025 yil byudjetiga armiya va qurollanish uchun 13,2 trln rubl ajratilgan — bu mamlakat byudjeti tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich. Harbiy xarajatlar umumiy byudjetning deyarli 30 foizini tashkil etmoqda.
Jami 2022–2025 yillar oralig‘ida Rossiyaning harbiy xarajatlari 35,5 trln rublga tenglashgan, bu hozirgi kurs bo‘yicha taxminan 440 mlrd dollarni tashkil qiladi.





