add

Putin Tomahawk raketalari Ukrainaga berilsa, AQSH bilan munosabatlar yomonlashishini aytdi

17.10.2025 | 09:2820434

Vladimir Putin Donald Tramp bilan suhbatda Ukrainaga Tomahawk raketalari yetkazilsa, bu Rossiya va AQSH munosabatlariga jiddiy zarar yetkazishini aytib, Vashingtonni og‘oxlantirdi.

Putin Tomahawk raketalari Ukrainaga berilsa, AQSH bilan munosabatlar yomonlashishini aytdi
16 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbatida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Amerika prezidenti Donald Trampni Ukrainaga Tomahawk turidagi qanotli raketalarni yetkazib berish oqibatlaridan ogohlantirdi. Bu haqda Kreml yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin suhbatda «Tomahawkʼlar jang maydonidagi vaziyatni o‘zgartirmaydi, ammo Moskva va Vashington munosabatlariga jiddiy zarar yetkazadi», degan fikrni yana bir bor takrorlagan. Shuningdek, u bunday qadamlar tinchlik muzokaralari istiqbolini ham xavf ostiga qo‘yishini ta’kidlagan. Donald Tramp esa Moskvaning pozitsiyasini inobatga olishini va bu masalani 17 oktyabr kuni Vashingtonda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muhokama qilishini bildirgan. Tramp avvalroq ham «agar Rossiya urushni to‘xtatmasa, Kiyevga Tomahawk raketalarini yuborish haqida o‘ylayotgani»ni aytgandi. Putin bu masala bo‘yicha avval ham keskin fikr bildirgan. 5 oktyabr kuni u Ukrainaga Tomahawk yetkazilishi «Rossiya va AQSH munosabatlariga raxna solishi»ni aytgan, 3 oktyabr kuni esa buni «eskalatsiyaning yangi bosqichi» deb atagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu raketalar Rossiya xavfsizligi uchun jiddiy tahdid soladi. Financial Times manbalari ma’lum qilishicha, agar Tramp rozilik bersa, AQSH Ukraina qo‘shinlariga Tomahawk raketalarini Rossiya hududidagi strategik ob’ektlarga yo‘naltirishda yordam berishi mumkin. NATO manbalari esa Moskva bu holatga «qat’iy ritorika va yadroviy tahdidlar bilan javob berishi ehtimoli»ni bildirishdi. ISW (Urushni o‘rganish instituti) ma’lumotlariga ko‘ra, Tomahawk raketalarining uchish masofasi 1,6–2,5 ming km.ni tashkil etadi. Bu esa Kiyevga Rossiya hududidagi qariyb 2 mingga yaqin harbiy ob’ektni nazorat ostida ushlash imkonini beradi, bu esa Rossiyaning ta’minot va hujum operatsiyalarini jiddiy qiyinlashtirishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid