add

Putin — Trampga: «Butun NATO bo‘lib qo‘llaringdan kelsa “qog‘oz yo‘lbars” bilan to‘qnashib ko‘ringlar-chi»

02.10.2025 | 22:453193

Vladimir Putin AQSH prezidenti Donald Trampning Rossiyani «qog‘oz yo‘lbars» degan masxaraomuz so‘zlariga javob qaytarib, NATOni sinovdan o‘tkazishga chaqirdi.

Putin — Trampga: «Butun NATO bo‘lib qo‘llaringdan kelsa “qog‘oz yo‘lbars” bilan to‘qnashib ko‘ringlar-chi»
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sochida o‘tgan «Valday» xalqaro muloqot klubining XXII yig‘ilishida AQSH rahbari Donald Trampning bayonotiga munosabat bildirdi. Bir necha kun oldin Tramp Rossiyani «qog‘oz yo‘lbars» deb atagan va uning harbiy qudratini masxara qilgan edi. Putin o‘z chiqishida NATO mamlakatlariga murojaat qilib: «Toki biz butun NATO blokiga qarshi urushib turib ham olg‘a siljiy olayotgan va o‘zimizni ishonch bilan his qilayotgan bo‘lsak ham qog‘oz yo‘lbars bo‘lsak, unda NATOning o‘zi nima bo‘ladi?», — dedi. Kreml rahbari, shuningdek, Trampning so‘zlarini ironiya bilan aytilgan bo‘lishi mumkinligini tan oldi. Biroq, «boringlar-da, shu qog‘oz yo‘lbars bilan bir to‘qnashib ko‘ringlar», deya qo‘shimcha qildi. Yig‘ilish moderatori Putindan Trampga qog‘ozdan yasalgan yo‘lbars sovg‘a qilish taklifini bildirdi. Putin esa bunga rad javob berib: «Yo‘q, biz unga nima sovg‘a qilishni o‘zimiz bilamiz», — dedi. Eslatib o‘tamiz, 23 sentyabr kuni Donald Tramp Rossiyaning Ukrainadagi urushi «besamar va ma’nosiz» bo‘lib qolganini aytgan edi. Uning fikricha, agar Moskva haqiqiy harbiy qudratga ega bo‘lganida, urush bir haftada tugagan bo‘lar edi. «Rossiyaning mojaroni yakuniga yetkaza olmasligi uni qog‘oz yo‘lbarsga o‘xshatadi», — degan edi Tramp.

Teglar

Mavzuga oid