Qarshida 6 kishining umriga zomin bo‘lgan portlash, «Saneg»dan olib qo‘yilgan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi va quruvchilardan ortgan shikoyatlar — 8-iyun dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi davlat nazoratiga qaytarildi
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi yana to‘liq davlat nazoratiga o‘tdi. Davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, korxonaning yagona ta’sischisi sifatida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi qayd etilgan. Bir oy avval zavod ta’sischilari tarkibida agentlik 58,5 foiz, xususiy investor — Saneg kompaniyasi esa 41,5 foiz ulushga ega edi. Hozircha xususiy investor ulushining qachon va qanday asosda chiqarilgani bo‘yicha rasmiy izoh berilmagan.
FNQIZni xususiylashtirish jarayoni 2022 yilda boshlangan bo‘lib, zavodning 100 foiz davlat ulushi Saneg kompaniyasiga 100 mln dollarga sotilgani ma’lum qilingan edi. Keyinchalik xarid summasi to‘liq to‘lanmagani ma’lum bo‘lib, davlat ulushini bosqichma-bosqich o‘tkazish tartibi joriy etilgan. Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi Markaziy Osiyodagi eng yirik neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanadi.
Qarshidagi portlash: 6 kishi halok bo‘ldi
Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani, “Chaman” MFYda joylashgan maishiy gaz ballonlariga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘lgan.
Oqibatda 6 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 5 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yuborilgan.
Shuningdek, 4 ta avtomobil (2 ta kobalt, 2 ta gaz tashishga mo‘ljallangan avtomobil) hamda 2 ta yer ostidagi yoqilg‘i saqlash rezervuari yonib zararlangan. Bosh vazir o‘rinbosari O. Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzilgan.
Markaziy bank xorijiy obligatsiyalar hajmini 1,5 mlrd dollardan 2,8 mlrd dollarga oshirdi
O‘zbekistonning xalqaro zaxira aktivlari may oyi yakunlariga ko‘ra 70,58 mlrd dollarni tashkil etib, aprelga nisbatan 307 mln dollarga kamaydi. Bunga asosan jahon bozorida oltin narxining pasayishi ta’sir qildi. Oltin zaxiralarining qiymati 61,43 mlrd dollarga tushgan bo‘lsa-da, uning fizik hajmi o‘sib, 423 tonnaga yetdi.
Shu bilan birga, Markaziy bank zaxiralar tarkibini diversifikatsiya qilishni davom ettirib, xorijiy qimmatli qog‘ozlar portfelini 84 foizga oshirdi. Natijada obligatsiyalar hajmi 1,5 mlrd dollardan 2,85 mlrd dollarga yetdi va ularning umumiy zaxiralardagi ulushi 4 foizni tashkil qildi. Xorijiy valutadagi zaxira aktivlari esa may oyida 8,57 mlrd dollargacha qisqardi.
Qurilish sohasida shikoyatlar soni keskin oshdi
Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida qurilish sohasi bo‘yicha qariyb 1 mingta murojaat kelib tushgan. Solishtirish uchun, 2025 yil davomida jami 1706 ta shikoyat qayd etilgan. Murojaatlarning asosiy qismi qurilish ishlarining sifatsiz bajarilishi, obyektlarni topshirish muddatlarining kechiktirilishi, texnik talablarga javob bermaydigan materiallardan foydalanish va taqdimotlarda berilgan va’dalarning bajarilmasligi bilan bog‘liq.
Qo‘mita qurilish uchun zarur ruxsatnomalar rasmiylashtirilmasdan turib aholidan mablag‘ yig‘ish holatlari ham ko‘payganini ta’kidladi. Fuqarolarga uy-joy xarid qilishda shartnomalarni sinchiklab o‘rganish, quruvchi kompaniyaning vakolatlari, obyektni topshirish muddatlari va to‘lovlarning eskrou hisobvarag‘i orqali amalga oshirilishiga alohida e’tibor qaratish tavsiya etildi.
To‘rt oyda savdo xizmatlari hajmi 101 trln so‘mdan oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonda savdo xizmatlari hajmi 101,8 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,9 foizga o‘sdi. Mutaxassislar bu o‘sishni ichki iste’mol, tadbirkorlik faolligi, chakana savdo tarmoqlari va elektron tijorat rivoji bilan izohlamoqda.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etildi — 39,3 trln so‘m. Keyingi o‘rinlarni Toshkent viloyati (9 trln so‘m), Farg‘ona va Samarqand viloyatlari (har biri 7,5 trln so‘mdan ortiq) egalladi. Eng past ko‘rsatkichlar Navoiy viloyatida 2,5 trln so‘m va Sirdaryo viloyatida 1,4 trln so‘mni tashkil qildi.





