add

Qarzi ko‘payayotgan O‘zbekiston, Surxondaryodagi ko‘mir va gaz mashmashalari, yangilanayotgan va narxi oshadigan Damas va Cobalt — hafta dayjesti

18.10.2025 | 20:0031006

O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni yana bir bor esga olamiz.

Qarzi ko‘payayotgan O‘zbekiston, Surxondaryodagi ko‘mir va gaz mashmashalari, yangilanayotgan va narxi oshadigan Damas va Cobalt — hafta dayjesti

O‘zbekiston Jahon bankidan 800 mln dollar kredit oladi   Yana qarz, yana kredit: O‘zbekiston bir hafta ichida 2 ta yirik qarz olishga erishdi.   Jahon banki O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 800 mln dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratilishini ma’qulladi. Mablag‘ hukumatga uzoq muddatli qaytarish shartlari asosida past foiz stavkasi bilan taqdim etilishi aytilgan.   “Bunday kreditlash shartlari xalqaro moliya bozorlaridagiga qaraganda ancha foydali. Bu orqali O‘zbekiston qarz bo‘yicha xizmat ko‘rsatish xarajatlarini qisqartirishi va tejalgan byudjet mablag‘larini ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga yo‘naltirishi mumkin bo‘ladi”, deyiladi Jahon banki xabarida.   Shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga 500 million dollarlik siyosatga asoslangan kredit ajratilishini ma’qullaganini ma’lum qildi.   Ma’lumotga ko‘ra, mablag‘ O‘zbekistonda institutsional islohotlar, inklyuziv o‘sish va jahonshumul integratsiya jarayonini jadallashtirishga yo‘naltiriladi. O‘zbekistonning tashqi davlat qarzi 75 mlrd dollardan oshdi. Bu aholi jon boshiga taqsimlansa 2000 dollar atrofida bo‘ladi.   Tezak yoqishga chorlagan Qumqo‘rg‘on xokimi   Kuz-qish mavsumi arafasida, ayniqsa uzoq hududlarda gaz ta’minoti masalasi aholining eng dolzarb muammolaridan biriga aylangan. Qumqo‘rg‘on tumani hokimi tappi qilib, kun o‘tkazishga, gaz yo‘qligidan nolimaslikka chorladi.   Qumqo‘rg‘on tumani hokimi Anvar Normamatov mahalliy kengash sessiyasida shunday dedi:   «Gazni ham to‘g‘ri tushuning, sizlar mana shu tumanning oliy organi bo‘lganlaringiz uchun aytyapman-da, gazning tagi bo‘lsa qani, tagi yo‘q-da», — dedi Anvar Normamatov.   Shuningdek, hokimim paxta terimi mavsumida odamlar paxta terib, oilaviy daromad topib, turmush sharoitini yaxshilash imkoniga ega ekanini ta’kidladi.   «Masalan, hozir mana paxta yig‘im-terimi bo‘layapti. [Avvallari] uch kun paxta terib, bir xalta unning pulini ishlagan. Uch kun, to‘rt kun paxta terib, bir xalta un [olishgan]. Qarang, hozirgi zamonni, bugun 100 kilo paxta tersa, uning puli 100 ming, 200 ming so‘m bo‘ladi. Bir kunda bir xalta un. Bir kishi o‘n kun tersa, agar oilasi bilan tersa, bir kunda besh-olti xalta unni ishlaydi», — dedi.   Surxondaryoda bu bittagina xavotirli holat emas. Avvalroq Boysun va Oltinsoy tumanlarida odamlar arzon ko‘mir uchun ur-yiqit qilayotgani tasvirlari tarqaldi.   Xulosa qilish mumkinki, Surxondaryoning tumanlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yaxshi olib borilmagan. Gaz ta’minoti yo‘q olis hududlarda aholiga ko‘mirni tartib bilan taqsimlash rejasi ishlab chiqilmagan.   Yangilangan Damas va Cobalt ishlab chiqariladi   Eng ko‘p xarid qilinadigan modellardan biri bo‘lgan Damas va Cobalt avtomobillarining yangi avlodlari taqdim etilishi rejalashtirilmoqda.   UzAuto Motors Damas va Cobalt’ning yangi versiyalarini taqdim etadi. Kompaniya Damas Move (yo‘lovchi) va Damas Max (yuk-yo‘lovchi) versiyalarini ishlab chiqarishni boshlaydi. Ular joriy model bilan bir vaqtda ishlab chiqariladi.   Yangi Damas o‘lchamlari kattalashib, yuk ko‘tarish qobiliyati va qulayligi oshadi. Cobalt esa Style MCM va Midnight MCM versiyalarida taqdim etiladi. Avtomobil 12 ta yangi opsiya bilan jihozlanib, dvigatel va ABS tizimi yangilangan.   Shuningdek, yangi multimedia tizimi, kruiz-kontrol, isitiladigan o‘rindiqlar, eko-charm salon va boshqa qulayliklar joriy etiladi. Jami 50 dan ortiq asosiy komponent yangilangan.   Cobalt’ning tashqi ko‘rinishini yangilash ustida ham ishlar boshlangan. Damasning narxi qanchaga ortishi hozircha noma’lum, lekin Cobalt’ning narxi qariyb 10 mln so‘mga qimmatlashishi ma’lum.   Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport quriladi   Oktyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport loyihasi taqdimoti bilan tanishdi hamda mazkur ulkan majmua qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi.   Saudiya, Yaponiya va Koreya kompaniyalarining ishtirokida amalga oshiriladigan loyiha 4 bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda 2,5 milliard dollar evaziga aerovokzal va aerodrom quriladi.   15-oktyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi yangi xalqaro aeroport qurilishiga tamal toshi qo‘ydi va «Bizning maqsad — O‘zbekistonni Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni bog‘lovchi yirik aviatsiya habiga aylantirish», — dedi.   Loyiha iqtisodiyotga 27 mlrd dollardan ortiq daromad keltiradi, minglab ish o‘rinlari yaratadi va turizm hamda xizmat sohalarini rivojlantiradi. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Shota Rustaveli ko‘chasida amalga oshirilgan yirik transport loyihasi bilan tanishdi va elektrobusda sinov safarini amalga oshirdi.   Ma’lumotga ko‘ra, 19,2 mln dollarlik loyiha yo‘lovchi oqimini ikki barobar ko‘targan. Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovga ko‘ra, yangi aeroport turizm infratuzilmasini rivojlantirish, turizm xizmatlari sifatini yaxshilashga xizmat qiladi va 2030-yilga borib xorijiy sayyohlar soni — 25 millionga yetishi mumkin.   Migrantlarga cheklov   Rossiyada migrantlar uchun navbatdagi cheklov: Vladimir Putin mamlakatda migrant oilalar sonini cheklovchi yangi migratsiya siyosatini tasdiqladi.   Yangi konsepsiya mehnat bozoridagi muhojirlar sonini nazorat qilish, ishlamaydigan oila a’zolarining yashashini cheklash va bolalarning maktablarga qatnashini tartibga solishni ko‘zda tutadi.   Hujjat mamlakatning rasmiy huquqiy axborot portalidan e’lon qilingan bo‘lib, u 2018-yildan buyon amal qilib kelayotgan dasturni almashtiradi. Hujjat 9 bo‘lim va 46 banddan iborat. Unda migrantlarning Rossiyaga kirish-chiqishi, yashash, boshpana va fuqarolik olish qoidalari belgilangan.   Migrantlarning ishlamaydigan va o‘qimaydigan oila a’zolarining yashashi cheklanadi, maktabga bormaydigan migrant bolalar soni kamaytiriladi va etnik anklavlarning shakllanishiga qarshi choralar ko‘riladi. Rossiya axborot texnologiyalari va biometriyani keng joriy qilib, noqonuniy migrantlar sonini kamaytirish va migratsiya tizimini raqamlashtirishni rejalamoqda.   Oltin narxi rekord darajada oshdi   Rekordlar ortidan rekordlar: Jahon bozorida oltin narxi ko‘tarilishi O‘zbekistonda ham yangi cho‘qqilarga olib chiqmoqda.   O‘zbekistonda oltin quymalari narxi keskin oshib, 14-oktyabr holatiga ko‘ra, 1 gramm oltin bahosi 1 million 663 ming so‘mga yetdi — bu tarixiy rekord. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bir kunda narxlar 2,6 foizga, yil boshidan buyon esa 48,6 foizga oshgan. 2025-yil boshidan buyon quymalarning narxi 40 marta rekordni yangilagan.   Mutaxassislar bu holatni jahon bozoridagi noaniqliklar va dollarning qadrsizlanishi bilan bog‘lamoqda. 2025 — Xalqaro bozorda ham oltin ilk bor 4 ming dollarlik chegaradan o‘tdi — 1 troya unsiyasi 4 162 dollarga sadolanmoqda.   Ekspertlar bu o‘sish yaqin oylarda ham davom etishini va yil so‘ngiga qadar unsiyasi 5000 dollarga yetishini ta’kidlamoqda. Holbuki, oltin yil boshida 3300 dollarga yetishi prognoz qilingan edi.   Ravshan Ermatov FIFA qo‘mitasi raisi o‘rinbosari etib tayinlandi   O‘zbekiston futboli tarixida ilk bor o‘zbek mutaxassisi FIFA qo‘mitasi tarkibiga kiritildi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) birinchi raisi o‘rinbosari Ravshan Ermatov 2025–2029-yillarga mo‘ljallangan FIFA Texnologiyalar, innovatsiyalar va raqamli rivojlanish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari etib tayinlandi.   Ushbu qo‘mita VAR, golni aniqlash texnologiyasi, sun’iy intellekt kabi zamonaviy tizimlarni ishlab chiqish va joriy etish bilan shug‘ullanadi.   Shuningdek, O‘FA bosh kotibi Avaz Maqsumov FIFA sohilbo‘yi futbol qo‘mitasiga, Yuliya Panina esa ayollar terma jamoalari musobaqalari qo‘mitasiga a’zolikka saylandi.   Ravshan Ermatov avvalroq OFK hakamlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Eslatib o‘tamiz, Ravshan Ermatov FIFA tomonidan o‘tkazilgan jahon chempionatlarida eng ko‘p — 13 ta o‘yinni boshqargan rekordchi sanaladi.   Mana, shu tariqa, ortda qolgan haftaning eng muhim va yorqin voqealarini siz bilan birga yodga oldik. Agar kontentimiz siz uchun manfaatli bo‘lgan bo‘lsa, keyingilarini o‘tkazib yubormaslik uchun kanalga obuna bo‘ling, layk va qo‘ng‘iroqcha tugmasini bosib qo‘ying! Kelgusi haftada ko‘rishguncha xayr, salomat bo‘ling!    

Teglar

Mavzuga oid