«Qatar Airways» O‘zbekistondan minglab mutaxassisni ishga olishni rejalashtirmoqda

Bugun 14:551 daqiqa

Shuningdek, O‘zbekistonda Qatar standartlari asosida tibbiyot xodimlarini tayyorlash dasturi ham yo‘lga qo‘yiladi.

«Qatar Airways» O‘zbekistondan minglab mutaxassisni ishga olishni rejalashtirmoqda © Migratsiya agentligi axborot xizmati

O‘zbekiston Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, agentlik rahbari Behzod Musayev 5-may kuni Amirlik mehnat vaziri Ali bin Said bilan muzokara o‘tkazdi. Uchrashuvda tibbiyot, turizm, aviatsiya va IT kabi talab yuqori bo‘lgan sohalar uchun maxsus tayyorlov kurslarini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida tomonlar ishchi guruh tuzish hamda Qatar Mehnat va Sog‘liqni saqlash vazirliklari vakillarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib oldi. Shuningdek, Qatar standartlari bo‘yicha tibbiyot xodimlarini tayyorlash dasturini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekiston–Qatar mehnat forumi

O‘zbekiston delegatsiyasi «Jusour» davlat rekruting tashkiloti rahbari Abdulhadi Barkan bilan ham uchrashdi. Suhbat davomida sentabr oyida 50 dan ortiq ish beruvchi ishtirokida O‘zbekiston–Qatar mehnat forumini o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi.

«Qatar Airways» aviakompaniyasi uchun mutahassislar

«Qatar Airways» aviakompaniyasi vitse-prezidenti Fathi Atti ishtirokidagi navbatdagi uchrashuvda esa aviakompaniya iyun oyi oxirigacha bortkuzatuvchi, muhandis va aeroport xizmati xodimi kabi yuqori maoshli lavozimlar uchun 65 nafar nomzodni saralab olishni rejalashtirayotgani aytildi.

Kelgusida aviakompaniya parvoz va muhandislik ishlari, mexanika hamda elektrotexnika sohalari uchun 1600 nafar oliy ma’lumotli mutaxassisni jalb qilish loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid