Logo

Qatarni boy qilgan amir: Shayx Hamad mamlakat iqtisodiyotini qanday barpo etgan edi?

Kecha 09:006 daqiqa

74 yoshida vafot etgan Qatarning «ota amiri» shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniy o‘zining 18 yillik boshqaruvi davrida Yaqin Sharqdagi kichik bir davlatni global iqtisodiy qudratga aylantirdi.

Qatarni boy qilgan amir: Shayx Hamad mamlakat iqtisodiyotini qanday barpo etgan edi?

Qatarning «ota amiri» shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniy 74 yoshida olamdan o‘tdi.

O‘zining 18 yillik бошқарuви davrida shayx Hamad energiya resurslariga boy ushbu mamlakatning ichki va global maydondagi o‘rnini butunlay yangi bosqichga olib chiqdi.

1995 yilda u hokimiyatga kelganida, Qatar iqtisodiyotining hajmi cheklangan va asosan neftga qaram bo‘lib, «Shimoliy kon» hududidagi ulkan gaz zaxiralari endigina o‘zlashtirila boshlangan edi.

Qariyb yigirma yil ichida Qatar suyultirilgan tabiiy gaz (STG) bo‘yicha dunyodagi eng yirik eksportchiga, eng yirik suveren boylik fondlaridan birining egasiga, shuningdek, aholi jon boshiga daromad ko‘rsatkichi eng yuqori bo‘lgan davlatlardan biriga aylandi.

«Al Jazeera» nashrining yozishicha, bunday o‘zgarishlar shunchaki energiya resurslari narxining oshishi ortidan yuzaga kelgan neft yoki gaz bumi emasdi. Bu mamlakat iqtisodiy modelining tubdan yangilanishi bo‘lib, tabiiy resurslardan olingan daromadni ishlab chiqarish aktivlari, moliyaviy institutlar, infratuzilma va inson kapitalini rivojlantirishga yo‘naltirish strategiyasiga asoslangan edi.

Qayd etish joizki, iqtisodiy burilish shayx Hamadning hokimiyatga kelishi bilangina boshlanmagan. Ungacha, ya’ni 1989 yilda u Qatarning iqtisodiy va ijtimoiy siyosatini ishlab chiqishga mas’ul bo‘lgan Oliy rejalashtirish kengashi raisi etib tayinlangandi. Bu esa unga davlat rahbari bo‘lguniga qadar ham rivojlanish dasturlarini tayyorlash jarayonini bevosita nazorat qilish imkonini bergan.

Gaz Qatar iqtisodiyotini o‘zgartirdi

Dunyodagi eng yirik tabiiy gaz koni — «Shimoliy kon»ning o‘zlashtirilishi Qatar iqtisodiyotidagi tub burilishlarning chinakam ibtidosi bo‘ldi.

1990-yillarning ikkinchi yarmida sarmoyalarni jadallashtirish va gazni suyultirish loyihalarini kengaytirish bo‘yicha qabul qilingan qaror mamlakatning energiya bozoridagi o‘rnini o‘zgartirib, uni global yetakchilik sari boshlab bordi.

Qatar 1996 yilda suyultirilgan tabiiy gazning (STG) dastlabki partiyasini eksport qilgan bo‘lsa, oradan 15 yil o‘tar-o‘tmas ushbu mahsulotni yetkazib beruvchi dunyodagi eng yirik davlatga aylandi.

«QatarEnergy» va Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2010 yilga kelib ishlab chiqarish quvvati yiliga 77 million tonnaga yetgan.

Ushbu jadal o‘sishning ta’siri faqatgina daromadlarning ko‘payishi bilan cheklanib qolmadi, balki Qatarning global energetika xavfsizligidagi, ayniqsa, Osiyo va Yevropa iqtisodiyoti uchun strategik hamkor sifatidagi mavqeini mustahkamladi.

Qatar Amiri devoni ma’lumotlari energetika sohasida yuz bergan o‘zgarishlar ko‘lamini yaqqol ko‘rsatadi: shayx Hamad boshqaruvi davrida uglevodorodlar sektorining qo‘shilgan qiymati 11 milliard Qatar riyolidan (taxminan 3 milliard dollar) 403 milliard riyolga (taxminan 110,4 milliard dollar) o‘sdi.

Mislsiz iqtisodiy o‘sish

Gaz sanoatidagi yuksalish Qatarning iqtisodiy ko‘rsatkichlarida bevosita namoyon bo‘ldi — mamlakat XXI asrning boshlarida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlardan biriga aylandi.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, shayx Hamad davrida Qatar iqtisodiyoti yigirma barobardan ziyodga o‘sgan bo‘lib, yalpi ichki mahsulot (YAIM) 1995 yildagi taxminan 8 milliard dollardan 2013 yilda qariyb 199 milliard dollargacha ko‘tarilgan.

Xalqaro Valuta Fondi (XVF) ma’lumotlariga ko‘ra, iqtisodiyot o‘sha davrda dunyodagi eng yuqori o‘sish sur’atlarini qayd etgan: suyultirilgan gaz ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirilishi ortidan real o‘sish 2006 yilda 18 foizni, 2011 yilda esa 26,2 foizni tashkil qilgan.

Gaz bumidan sarmoya eksportigacha

Iqtisodiy o‘zgarishlar faqatgina ishlab chiqarish hajmi yoki daromadlarning ortishi bilan cheklanib qolmadi, balki boylikni boshqarish tizimini ham qamrab oldi.

Moliyaviy daromadlarni boshqarish tizimini yaratish doirasida Qatar 2001 yilda shayx Hamad raisligida Iqtisodiy masalalar va investitsiyalar bo‘yicha Oliy kengashni tashkil etdi.

Qatar Amiri devoni ma’lumotlariga ko‘ra, kengash zimmasiga «Qatarning moliyaviy zaxiralarini rivojlantirish va daromad manbalarini diversifikatsiya qilish maqsadida» ichki va tashqi investitsiyalarni turli sohalarga yo‘naltirish vazifasi yuklatilgan edi.

To‘rt yil o‘tgach, neft va gaz eksportidan tushayotgan ortiqcha moliyaviy mablag‘larni boshqarish maqsadida Qatar Investitsiya boshqarmasi (QIA) tashkil etildi.

Shayx Hamad tabiiy resurslardan tashqari barqaror daromad manbalarini yaratish maqsadida energetikadan tushadigan mablag‘larning bir qismini uzoq muddatli sarmoyalarga yo‘naltirish siyosatini amalga oshirdi.

QIA qisqa vaqt ichida dunyodagi eng yirik suveren boylik fondlaridan biriga aylandi. Boshqarma 2010 yilda «Barclays» va «Volkswagen» kabi yirik kompaniyalarning, shuningdek, Buyuk Britaniyada joylashgan «Harrods» univermagining aksiyalarini sotib oldi.

Qatarning investitsiya siyosati deyarli barcha qit’alarni qamrab oladigan darajada kengaydi — futbol klublaridan tortib, global iqtisodiy institutlar va Londondagi «Shard» osmono‘par binosigacha sarmoyalar kiritildi.

Suveren boylik fondlari instituti ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda mazkur boshqarmaning aktivlari 500 milliard dollardan ortiqqa baholanmoqda. Bu esa uni dunyodagi eng yirik davlat investorlaridan biriga aylantiradi.

1

Qatar fuqarolarining o‘sib borayotgan turmush darajasi

Iqtisodiy o‘sish aholi farovonligi ko‘rsatkichlarida ham o‘z aksini topdi.

Jahon banki va Xalqaro Valuta Fondi ma’lumotlariga ko‘ra, shayx Hamad davrida Qatar aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha dunyodagi yetakchi davlatlardan biriga aylandi.

Xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha bu ko‘rsatkich 90 000 dollardan oshdi. Shuningdek, uy-joy, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimiga xarajatlar ko‘paytirildi hamda ishsizlik darajasi keskin pasayib, eng quyi ko‘rsatkichlarga tushdi.

Ekspertlarning fikricha, daromadlarning bunday oshishi faqatgina energiya resurslari narxining ko‘tarilishi bilan emas, balki davlat sarmoyalarining kengayishi hamda energetika va infratuzilma loyihalari doirasida yangi ish o‘rinlari yaratilishi bilan ham chambarchas bog‘liq.

Inson kapitaliga kiritilgan sarmoyalar

Energetika sohasidagi sarmoyalar bilan bir qatorda, Qatar bilimga asoslangan iqtisodiyotni barpo etish yo‘lidan bordi.

Shayx Hamad hokimiyatga kelganidan so‘ng qabul qilgan ilk muhim qarorlardan biri — 1995 yil avgust oyida ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarga sarmoya kiritishning asosiy vositasi sifatida Ta’lim, fan va ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha Qatar fondini tashkil etish bo‘ldi.

Keyinchalik mamlakatga Jorjtaun , Texas A&M hamda Karnegi Mellon kabi nufuzli xalqaro universitetlar jalb qilindi.

Aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va aholi sonining o‘sishiga moslashish maqsadida «Hamad Medical Corporation» tashkilotining rivojlantirilishi, shuningdek, yangi shifoxonalar va ixtisoslashtirilgan markazlarning ochilishi hisobiga sog‘liqni saqlash tizimi ham sezilarli darajada kengaydi.

Shu bilan birga, mamlakatning iqtisodiy jihatdan ochiqligi va uning mintaqadagi moliyaviy hamda savdo markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlash siyosati tobora kengayib borayotgan poytaxt Dohani xalqaro iqtisodiy va investitsiyaviy anjumanlar o‘tkaziladigan o‘ta muhim markazga aylantirdi.

Jahon chempionati va kelajak iqtisodiyoti

Shayx Hamad davrida gazdan tushgan daromadlar faqatgina Qatar budjetini moliyalashtirishga emas, balki ulkan infratuzilma loyihalariga sarmoya kiritishga ham yo‘naltirildi.

O‘sha davrda Hamad xalqaro aeroporti, Hamad porti, Lusail shahri va zamonaviy avtomobil yo‘llari kabi loyihalar ishga tushirildi. Shuningdek, keyinchalik Doha metrosining barpo etilishiga asos bo‘lgan ulkan qurilishlar boshlandi.

Mazkur bunyodkorlik ishlari Dohani Ko‘rfazdagi kichik bir shahardan global urbanizatsiya markaziga aylantirishga xizmat qildi va 2022 yilda Qatarning arab va Yaqin Sharq davlatlari orasida birinchi bo‘lib FIFA Jahon chempionatiga mezbonlik qilishi uchun zarur poydevor yaratdi.

2

Mamlakat ushbu yirik futbol musobaqasini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritgach, infratuzilma va qurilish sohasida chinakam yuksalish kuzatildi. Hukumat infratuzilma, jumladan, yo‘llar, stadionlar, temir yo‘l tarmoqlari, shuningdek, yangi aeroport va port qurilishiga 200 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratilishini ko‘zda tutuvchi ulkan xarajatlar rejasini tasdiqladi.

2008 yilda davlat kelajak avlodlarning barqaror farovonligini ta’minlash maqsadida bilimga asoslangan iqtisodiyotni barpo etishga qaratilgan «Qatar Milliy Nigohi — 2030» (Qatar National Vision 2030) strategik rejasini qabul qildi.

Hozirga qadar iqtisodiy siyosatni belgilovchi asosiy dastur bo‘lib xizmat qilayotgan ushbu konsepsiya shayx Hamad davrida boshlangan — tabiiy boyliklarni barqaror rivojlanish poydevoriga aylantirish tamoyilini o‘zida mujassam etgan.

Agar gaz sanoatining rivojlanishi Qatardagi iqtisodiy o‘zgarishlarning boshlanish nuqtasi bo‘lgan bo‘lsa, shayx Hamadning eng yorqin merosi — energetikadan olinadigan ulkan daromadlarni uzoq muddatli taraqqiyot vositasiga aylantira olganidadir. 

Teglar

Mavzuga oid