add

Qazzofiyning o‘g‘li o‘ldirildi: Liviyada yangi siyosiy inqiroz xavfi

Kecha 08:182 daqiqa

Liviyada Sayfulislom Qazzofiy o‘limi haqida xabarlar tarqaldi. Qotillik mamlakatdagi allaqachon murakkab siyosiy muvozanatni yana izdan chiqarishi mumkin.

Qazzofiyning o‘g‘li o‘ldirildi: Liviyada yangi siyosiy inqiroz xavfi

Liviyaning g‘arbiy qismida sobiq rahbar Muammar Qazzofiyning o‘g‘li, siyosiy arbob Sayfulislom Qazzofiy o‘ldirilgan. Bu haqda «Al Arabiya» telekanali Qazzofiy oilasiga yaqin manbaga tayanib xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, qotillik Zintan shahri yaqinida sodir etilgan. Manbaning aytishicha, jinoyatda to‘rt nafar shaxs ishtirok etgan va ular Qazzofiy bog‘da otib tashlanganidan so‘ng zudlik bilan voqea joyidan qochib ketgan.

Liviyaning «Al Ahrar» telekanali xabariga ko‘ra, u Hamada neft koni yaqinidagi janglar mobaynida halok bo‘lgan.

53 yoshli Sayfulislom Qazzofiyning Liviya siyosiy muloqot forumidagi vakili Abdulla Usmon uning o‘limi haqidagi xabarlarni tasdiqladi. Biroq u hodisaning tafsilotlari va qotillarning shaxsi haqida ma’lumot berishdan bosh tortdi.

 

Rasmiy rad etishlar

Liviya milliy birlik hukumati mudofaa vazirligiga qarashli 444-jangchi brigada qotillikka aloqadorligini qat’iyan rad etdi. Brigada bayonotida ularning Zintan shahrida harbiy kuchlari yoki joylashuvi yo‘qligi ta’kidlandi.

Bu bayonot Liviyadagi xavfsizlik tizimi parchalangan holatda ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Turli qurolli guruhlar mavjudligi va markaziy nazoratning zaifligi siyosiy qotilliklar xavfini yuqori saqlab qolmoqda.

Hozircha hukumat tomonidan rasmiy tergov natijalari e’lon qilinmadi. Shu bilan birga, qotillik ortidan g‘arbiy Liviyada siyosiy keskinlik kuchayishi mumkinligi aytilmoqda.

 

Ehtimoliy oqibatlar

Sayfulislom Qazzofiy Liviyani 1969 yildan 42 yil davomida boshqargan Muammar Qazzofiyning ikkinchi o‘g‘li edi. 2011 yilda otasi ag‘darilib o‘ldirilgach, Sayfulislom 2017 yilgacha qamoqda o‘tirgan edi.

Rejim qulaganidan so‘ng Liviya ikkiga bo‘lingan: g‘arbda BMT tomonidan tan olingan hukumat, sharqda esa Liviya milliy armiyasi nazorat o‘rnatgan. Sayfulislom ayrim davrlarda siyosiy jarayonlarga qayta kirishi mumkin bo‘lgan figura sifatida baholanib kelayotgan edi.

Uning o‘limi mamlakatdagi zaif siyosiy barqarorlikni yanada kuchsizlantirishi, shuningdek, Liviyada uzoq yillar davom etayotgan inqirozning yangi bosqichiga olib kelishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid