
«Qilich bilan himoya qila olmaysiz»: — «Tolibon» o‘quvchilarni bomba yasashni o‘rganishga chaqirdi
«Tolibon» vaziri o‘quvchilarga din himoyasi uchun dron, katta bomba va samolyotlar yasashni o‘rganishi kerakligini aytdi.

Afg‘onistonda «Tolibon» muvaqqat hukumatining ta’lim vaziri Habibulla Og‘a yoshlarni zamonaviy bilimlarni egallashga da’vat etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dini va mamlakatini himoya qilish uchun faqat diniy fanlar emas, balki zamonaviy ilmlar ham zarur. Bu haqda «Tolo News» xabar berdi.
Paktiya viloyatining Shavok tumanida yangidan qurilgan maktab ochilishida vazir ta’lim haqida nutq so‘zladi. U diniy fanlarni hayotning asosiy maqsadi sifatida ta’kidlab, zamonaviy fanlarni suv va ovqat kabi hayotiy ehtiyojga qiyosladi.
«bugungi davrda siz o‘zingizni Kalashnikov yoki qilich bilan himoya qila olmaysiz. Dinigizni to‘p, dron, katta bomba va samolyotlar bilan himoya qilasiz. Lekin bu bombalar, samolyotlar va raketalar qanday qilib bilim va zamonaviy ta’limsiz yaratiladi?», - dedi Habibulla Og‘a.
U yoshlarni ilm olishga chaqirib, mamlakat mudofaasi uchun zamonaviy qurol yaratishda faol ishtirok etishlari zarurligini ta’kidladi. Biroq vazir so‘zlarida diniy fanlarni ham tark etmaslik kerakligi qayd etildi.
«Tolo News» yozishicha, Yaponiyaning moliyaviy ko‘magi bilan Paktiya viloyatida 18 ta maktab binosi qurilib, foydalanishga topshirilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hududdagi maktablarning yarmida o‘quvchilar ochiq osmon ostida tahsil olishga majbur.





