
Qirg‘izistonda bolalar va ayollarga qarshi jinoyatlar uchun o‘lim jazosi taklif etildi
03.10.2025 | 18:2014784
Sadir Japarov Qirg‘izistonda bolalar va ayollarga qarshi jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qaytarishni taklif qildi. Bunga 17 yoshli maktab o‘quvchisining zo‘rlanishi va o‘ldirilishi bilan bog‘liq shov-shuvli ish sabab bo‘ldi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatda bolalar va ayollarga nisbatan shafqatsiz jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qayta joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqishni topshirdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Askat Alagozov ma’lumot berdi.
O‘lim jazosinining qaytarilishi taklifiga Issiqko‘l viloyatida 27 sentyabr kuni sodir bo‘lgan voqea sabab bo‘ldi. Barskon qishlog‘idan bo‘lgan 17 yoshli maktab o‘quvchisi Aysuluu Mukasheva zo‘rlanib, vahshiyana tarzda o‘ldirildi.
Mazkur ish mamlakatda katta g‘azab va e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Barskon aholisi va minglab fuqarolar ijtimoiy tarmoqlarda qotilga eng og‘ir jazo qo‘llanilishini, shu jumladan o‘lim jazosini qaytarishni talab qilmoqda. Qurbonning qarindoshlari ham qotil qatl etilishi lozimligini bildirgan.
Prezident tashabbusini ayrim diniy va jamoat arboblari qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, huquq himoyachilari unga qarshi chiqdi. Ularga ko‘ra, gender zo‘ravonlik muammosi o‘lim jazosi orqali hal etilmaydi, balki nazorat tizimi va huquqni muhofaza qilish idoralaridagi kamchiliklarni bartaraf etish zarur. Shuningdek, noto‘g‘ri tergov va sud qarorlari begunoh odamlarning qatliga olib kelishi mumkinligi qayd etildi.
«Prezident Sadir Japarov, ayniqsa, bolalar va ayollarga qarshi jinoyatlar jazosiz qolmasligi kerak, deb hisoblaydi», — deb yozadi Alagozov Facebook’dagi sahifasida.
Mutaxassislar fikricha, tashabbus aholi ehtirosini yumshatishga qaratilgan populistik qadam bo‘lishi mumkin. Qonunga o‘zgarish kiritish uchun esa referendum o‘tkazish talab qilinadi.
Ma’lumot uchun, Qirg‘izistonda 1998 yildan o‘lim jazosiga moratoriy joriy etilgan, 2007 yildan esa u umrbod qamoq bilan almashtirilgan. Amaldagi konstitutsiya ham oliy jazoni taqiqlaydi.





