Qirg‘izistonning sobiq prezidenti amaldagi prezidentga 8-10 yillik qo‘shimcha vakolat berishni taklif qildi
Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akayev Issiqko‘l xalqaro forumidagi chiqishida amaldagi prezident Sadir Japarovga iqtisodiy islohotlarni davom ettirish uchun qo‘shimcha vakolat berish zarurligini ta’kidladi. Uning fikricha, bunday natijalarga erishish uchun uzoq muddatli siyosiy barqarorlik talab etiladi.

Qirg‘izistonning 2005-yilgi mart inqilobi paytida mamlakatdan qochib ketgan sobiq prezidenti Asqar Akayev Issiqko‘l xalqaro forumida amaldagi prezident Sadir Japarovga 8-10 yillik qo‘shimcha vakolat berish kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston xalqi keyingi o‘n yil ichida iqtisodiy mo‘’jizaga erishishga qodir.
«Xalqimiz Sadir Japarovni iqtisodiyot chuqur turg‘unlikda va ijtimoiy-siyosiy keskinlik eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan og‘ir davrda prezident etib sayladi. Ammo bugungi kunda Qirg‘iziston iqtisodiyoti barqaror o‘sib bormoqda va ijtimoiy sohada ham ijobiy tendensiyalar ko‘rinib turibdi», — dedi Akayev.
Shuningdek, u Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi va Qirg‘izistonning BMT Xavfsizlik Kengashi a’zosi etib saylanishiga ham to‘xtalib o‘tdi.
Asqar Akayev agar Qirg‘iziston xalqi amaldagi prezident Sadir Japarovga Qirg‘iziston iqtisodiy mo‘’jizasiga erishish rejasini amalga oshirish uchun qo‘shimcha vakolat bersa, oqilona harakat qilishini ta’kidladi. Uning fikricha, bunday iqtisodiy yutuqlarga erishish uchun kamida sakkiz-o‘n yil kerak bo‘ladi.