
Qonunini buzgan blogerlar, farzandli bo‘lgan Diyora Keldiyorova va o‘zbek neftini o‘zlashtirmoqchi bo‘lgan Ozarbayjon — 22 avgust dayjesti
22.08.2025 | 22:0021977
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Ozodbek Nazarbekov yana reklamada ko‘rinish berdi: vazir qonundan bexabarmi?
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Kokand University xususiy universiteti reklamaviy videosida ko‘rinish berdi. Unda vazir yoshlarga universitetning Andijon filialiga o‘qishga kirishni tavsiya qilgan. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, mansabdor shaxslar reklamada qatnashishi taqiqlangan. Nazarbekov 2024 yilda ham erkaklar kiyimlari do‘koni reklamasida qatnashgani uchun muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.
Madaniyat vazirligi vazir chiqishini oqlab, uning videodagi tavsiyalarini «ijtimoiy foydali axborot» sifatida baholadi va bu orqali daromad olinmaganini ta’kidladi. Biroq Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi va Boshqaruv samaradorligi agentligi hali vaziyat yuzasidan rasmiy izoh bermagan.
Blogerlar reklama qonunini buzganlikda ayblanmoqda
Raqobat qo‘mitasi blogerlar Otabek Jo‘rayev va A.Abdurahmonovga nisbatan chora ko‘rdi. Ular Instagram orqali «ADWORLD GROUP» MCHJ faoliyatini targ‘ib qilib, litsenziyasiz xorijga ishga joylashtirish xizmatlarini reklama qilgani aniqlandi. Qonunga ko‘ra, bunday faoliyat faqat maxsus litsenziyaga ega tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Shuningdek, reklama to‘g‘risidagi qonun tegishli ruxsatnomaga ega bo‘lmagan xizmatlarni targ‘ib qilishni taqiqlaydi. Aniqlangan holatlar yuzasidan blogerlarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik bayonnomasi rasmiylashtirilib, ish materiallari sudga yuborildi.
Qishloq xo‘jaligida dron xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi tashkilotlari endilikda dron xizmatlaridan foydalanish uchun arizani onlayn taqdim etishi mumkin bo‘ladi. Prezident farmoniga ko‘ra, 4 mln gektardan ortiq yer maydonlaridagi ekinlarni ekish va sug‘orish jarayonlari raqamlashtiriladi, mavjud 30 dan ziyod axborot tizimlari esa yagona «Agroportal» platformasi orqali birlashtiriladi.
«Agroportal» orqali dron xizmatlariga ariza berish, shartnoma tuzish va to‘lovlarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi. 2025 yil dekabrdan yerlarni ikkinchi marta ijaraga berish, 2026 yil martdan esa yer toifasini o‘zgartirish jarayonlari ham onlayn tarzda amalga oshirilishi belgilangan.
Diyora Keldiyorova ona bo‘ldi
Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston tarixida birinchi oltin medal sohibi Diyora Keldiyorova ona bo‘ldi. Uning turmush o‘rtog‘i ijtimoiy tarmoqda qizaloq dunyoga kelganini ma’lum qilgan. Bu xabar keng jamoatchilik va sport muxlislari tomonidan katta quvonch bilan kutib olindi.
Diyora Keldiyorova Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida tug‘ilgan. U faoliyati davomida nafaqat sportda, balki ijtimoiy sohada ham faoliyat olib borib kelmoqda. U Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining maxsus vakili etib tayinlangan. Shuningdek, Xalqaro dzyudo federatsiyasi Atletlar komissiyasi a’zosi hisoblanadi.
Ozarboyjon O‘zbekistonda neft konini o‘zlashtirishga kirishdi
Ozarboyjon davlat neft kompaniyasi SOCAR O‘zbekistonda neft konini o‘zlashtirishga kirishdi va tegishli shartnoma imzolandi. Bu haqda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Turkmaniston, Ozarboyjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi yuqori darajadagi uch tomonlama uchrashuvda ma’lum qildi.
«Kelgusi bir-ikki yil ichida ular bizga quvonchli xabar yetkazishlariga umid qilaman. Barchamiz O‘zbekistonda yirik neft koni ochilishi haqidagi yangiliklarni sabrsizlik bilan kutmoqdamiz», — deb ta’kidladi.





