
Qurilish oynalari uchun utilizatsiya yig‘imi joriy qilinadi
«Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi va «Chiqindilar to‘g‘risida»gi qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Oliy Majlis Senatining Yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu qonunga muvofiq, «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi va «Chiqindilar to‘g‘risida»gi qonunlarga qurilish oynasidan foydalanish natijasida yuzaga keladigan chiqindilarni qayta ishlash xarajatlarini qoplash uchun utilizatsiya yig‘imini joriy etishni belgilovchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Unga ko‘ra, qurilish oynalari uchun utilizatsiya yig‘imi joriy qilinadi. Ushbu tartib shisha va shisha buyumlarga utilizatsiya yig‘imini hisoblash, to‘lash, undirish, ortiqcha to‘langan yoki ortiqcha undirilgan summalarini qaytarish, shuningdek, shisha va shisha buyumlarning o‘z iste’mol xususiyatlarini yo‘qotganidan keyin hosil bo‘ladigan chiqindilarni yig‘ish, tashish va utilizatsiya qilish bilan bog‘liq infratuzilmani tashkil etish tartibini belgilaydi.
Ta’kidlanishicha, qonunning qabul qilinishi qurilish oynasi sanoatini rivojlantirishga, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolar sog‘lig‘ini va atrof-muhitni o‘z iste’mol xususiyatlarini yo‘qotgan qurilish oynasidan hosil bo‘ladigan chiqindilarning zararli ta’siridan himoya qilish hamda qayta ishlash bilan bog‘liq faoliyatni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun loyihasi 23 sentyabr kuni Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilingan.





