add

Reklama qonunchiligini buzgan to‘rtta korxona jarimaga tortildi

Kecha 20:002 daqiqa

Samarqand va Buxoro viloyatlarida tashqi reklama qoidalarini buzgan korxonalarga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llanildi.

Reklama qonunchiligini buzgan to‘rtta korxona jarimaga tortildi

Samarqand va Buxoro viloyatlarida reklama qonunchiligini buzgan to‘rtta korxona mpliyaviy jarimaga tortildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tegishli sohalardagi faoliyat yurituvchi subyektlar tomonidan «Reklama to‘g‘risida»gi Qonun talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida respublika bo‘ylab tizimli monitoring ishlarini amalga oshirmoqda.

Monitoring jarayonlarida Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan «KIWI GOLD TRADE» MCHJga qarashli KIWI supermarketi hamda «AZIZ AMIRA GOLD» MCHJga tegishli Islombek Zoloto zargarlik do‘koni tashqi reklamani tegishli ruxsatnomalarsiz joylashtirgani aniqlangan. Shuningdek, reklama davlat mulki hisoblangan yer uchastkalarida o‘rnatilgani va reklama tili bo‘yicha qonun talablariga rioya etilmagani qayd etilgan.

Buxoro viloyatida esa «ROAD STAR TRANS» MCHJ va «SHIDDAT MOTORS» MCHJ tomonidan o‘rnatilgan tashqi reklama konstruksiyalarida reklama joyi pasporti mavjud emasligi aniqlangan. Bu holatlar amaldagi qonunchilikka zid hisoblanadi va reklama bozorida adolatli raqobatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari huzuridagi maxsus komissiyalar tomonidan tegishli ishlar qo‘zg‘atilgan. Har bir holat alohida ko‘rib chiqilib, qonun talablarini buzgan korxonalarga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llash haqida qarorlar qabul qilingan.

Shu bilan birga, korxonalarga qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq axloq me’yorlariga mos kelmaydigan reklama joylagan kiyim-kechak do‘koniga ma’muriy ish ochilganligi to‘g‘risida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid