add

Respublikachi senatorlar Tramp ma’muriyatini Ukrainaga oid siyosati uchun tanqid qildi

12.06.2025 | 08:303584

AQSH Senatida o‘tkazilgan eshituvda respublikachi senatorlar Tramp ma’muriyatining Ukraina borasidagi pozitsiyasini qattiq tanqid qildi. Ular Rossiya bilan yaqinlashuv orqali urushni tugatish urinishlarini Amerika nufuziga tahdid sifatida baholamoqda.

Respublikachi senatorlar Tramp ma’muriyatini Ukrainaga oid siyosati uchun tanqid qildi
11 iyun kuni AQSH Kongressida o‘tkazilgan eshituvlarda respublikachi senatorlar mudofaa vaziri Pit Hegsetni keskin tanqid ostiga olishdi. Tanqidga sabab — Tramp ma’muriyatining Ukrainadagi urushni Rossiya bilan muzokaralar orqali yakunlashga urinishi bo‘ldi. Bu haqda Politico nashri xabar berdi. Eng qat’iy pozitsiyani senator Mitch Makkonnell egalladi. U Xegset nomzodiga avval ham qarshi chiqqan edi. Mudofaa byudjeti muhokamasi davomida u Oq uyning tashqi siyosatiga shubha bilan yondashdi. «Amerika obro‘si xavf ostida. Biz demokratik ittifoqchilarni himoya qilishga tayyormizmi?» — deb so‘radi u. Makkonnellning ta’kidlashicha, Ukraina mag‘lubiyati AQSH diplomatiyasining ham mag‘lubiyatiga aylanishi mumkin. «Agar bir kun kelib “Rossiya g‘alaba qozondi, Amerika yutqazdi”, degan sarlavhalarni ko‘rsak, bu fojia bo‘ladi», — dedi senator. Politicoʼning yozishicha, Hegset va Makkonnell o‘rtasidagi tortishuv Respublikachilar partiyasi ichidagi tashqi siyosat bo‘yicha jiddiy ixtiloflarni ochiqqa chiqardi. Makkonnell an’anaviy global liderlik g‘oyasini himoya qilsa, Hegset Trampning “Avvalo Amerika” shioriga asoslangan izolyatsionist yondashuvni namoyon etdi. Hegset Rossiyani agressor deb tan olgan bo‘lsa-da, Ukraina g‘alabasini xohlash-xohlamasligi haqida aniq javob bermadi. U, shuningdek, Obama va Bayden ma’muriyatlarini Rossiyaga nisbatan zaif siyosatda ayblab, Qrim anneksiyasi va urush boshlanishi aynan ular davrida sodir bo‘lganini eslatdi. Eshituvda boshqa respublikachi senator Lindsi Grehem ham ishtirok etdi. U Putin urushda g‘alaba qozonsa, ekspansiyani to‘xtatishini so‘roq qildi. General Den Keyn bunga rad javob berdi, Hegset esa «bu hali aniq emas», deya javob qaytardi.       SEO title:     Meta description:    

Teglar

Mavzuga oid