add

Rim markazidagi o‘rta asr minorasi quladi, bir ishchi og‘ir jarohat oldi

Kecha 09:392431

Italiya poytaxti Rim markazidagi o‘rta asr davriga oid Torre dei Conti minorasi ta’mirlash ishlari paytida quladi. Hodisa natijasida bir ishchi og‘ir holatda shifoxonaga yetkazilgan.

Rim markazidagi o‘rta asr minorasi quladi, bir ishchi og‘ir jarohat oldi

Rim markazida joylashgan XIII asrda qurilgan Torre dei Conti minorasida ta’mirlash ishlari vaqtida falokat sodir bo‘ldi. Italiya OAVning yozishicha, binodagi qurilish qismi qulashi oqibatida kamida bir ishchi og‘ir jarohat olgan.

Corriere della Sera nashri xabariga ko‘ra, hodisa joyida yuzlab sayyohlar politsiya va yong‘in o‘chiruvchilarning harakatlarini kuzatgan. Uch ishchi o‘zini xavfdan qutqara olgan, bir nafari esa minora ichida qamalib qolgan. Qutqaruvchilar uni qutqarishga uringanida minoraning bir qismi yana qulagan va qutqaruv ishlarini qiyinlashtirgan.

Hozircha boshqa jabrlanuvchilar haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. Guvoh ayol — qahvaxonada ofitsiantlik qiluvchi ayol nashrga shunday degan:

«Men tashqarida mijozlarga xizmat ko‘rsatayotgandim, bir payt devorlarning  yiqilayotgan ovozini eshitdim. Boshimni ko‘tarsam, ishchilardan biri pastga qulayotganini ko‘rdim», degan u.

Torre dei Conti minorasi Rimning Via dei Fori Imperiali ko‘chasida, Kolizey yaqinida joylashgan bo‘lib, u 29 metr balandlikka ega. Ilk qurilishi 1200-yillar boshiga to‘g‘ri keladi. O‘sha vaqtda minoraning balandligi 50 metrdan ziyod bo‘lgan, ammo 1349 yildagi va XVII asrdagi zilzilalar oqibatida bir necha marta qisqartirilgan.

2006 yildan buyon bino faoliyatsiz holda turgan va uzoq yillik restavratsiya loyihasi doirasida ta’mirlanmoqda edi. Hozirda hodisa joyida politsiya va fuqaro muhofazasi idoralari tergov harakatlarini olib bormoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Rim markazidagi o‘rta asr minorasi quladi, bir ishchi og‘ir jarohat oldi | Vaqt.uz