
Rossiya aholisi haqidagi ma’lumotlar yopildi: demografik ko‘rsatkichlar e’lon qilinmayapti
Rosstatning may oyi uchun ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha e’lon qilingan hisobotida odatda keltiriladigan aholi tabiiy o‘sishi, tug‘ilish va o‘lim holatlari, nikoh va ajrashishlar, migratsiya va umumiy aholi soni to‘g‘risida ma’lumotlar yo‘q.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, hisobotda «Demografiya» bo‘limi umuman mavjud emas. Rosstat ilgari e’lon qilib kelgan detallashtirilgan ma’lumotlar ham yo‘qoldi. Eng so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 1 aprel holatiga ko‘ra Rossiya aholisi soni 146,1 mln kishi bo‘lib, yil boshidan beri 61,1 ming kishiga kamaygan. Birinchi chorakda 288,8 ming kishi tug‘ilgan va 471,8 ming kishi vafot etgan. Natijada, tabiiy kamayish 183,3 ming kishi bo‘lgan. Bu yo‘qotishning 2/3 qismi migratsiya hisobiga qoplangan.
Muttaxassislar Rossiyadagi demografik vaziyat urush natijasida yanada yomonlashganini qayd etadi. Rosstat hisob-kitobiga ko‘ra, 2046 yilga borib mamlakat aholisi 138,8 mln kishiga tushib ketishi kutilmoqda. Prezident Vladimir Putin esa aholi tabiiy kamayishini to‘xtatish va tug‘ilish ko‘rsatkichlarini oshirish vazifasini qo‘ygan bo‘lsa-da, bu maqsadlarga erishish imkoni yo‘qligi aytib kelinmoqda.
Demografiya bilan bog‘liq boshqa ko‘rsatkichlar, jumladan, umr ko‘rish davomiyligi bo‘yicha ma’lumotlar ham yopildi. 2024 yil uchun faqatgina 72,84 yillik kutilgan umr ko‘rish ko‘rsatkichi e’lon qilingan, xolos. Mutaxassislar buni hukumatning demografik muammolarni yashirishga urinishi sifatida baholamoqda.
Bu orada Rossiya Davlat dumasi uch farzand uchun ipoteka qarzidan to‘liq voz kechishni taklif qilayotgani xabar qilindi.
Tashabbusga ko‘ra, birinchi farzand uchun ipoteka qarzining 25 foizi, ikkinchi farzand uchun 50 foizi, uchinchi farzand tug‘ilganda «davlat uchun muhim vazifa bajarilgani uchun» qarzning qolgan qismi yopib beriladi.
Bunday choralar fuqarolarni ko‘proq farzand ko‘rishga chog‘lantirishi, mamlakatdagi demografik vaziyatni yaxshilashga xizmat qilishi kerak.





