Rossiya budjetida 3,4 trln rubllik «tuynuk»: ikki oylik taqchillik yillik rejaga yaqinlashdi

11.03.2026 | 09:152 daqiqa

Xomashyo rentasining pasayishi va iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi Rossiya budjeti daromadlarini «yemirishda» davom etmoqda. Rossiya Moliya vazirligining 2026-yil yanvar-fevral oylari bo‘yicha hisobotiga ko‘ra, federal budjet taqchilligi 3,449 trln rublni tashkil etdi.

Rossiya budjetida 3,4 trln rubllik «tuynuk»: ikki oylik taqchillik yillik rejaga yaqinlashdi

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 barobar ko‘pdir. Eng xavotirli jihati, ikki oylik budjet taqchilligi mamlakatning butun 2026-yil uchun belgilangan rejasi (3,78 trln rubl)ga deyarli yaqinlashib qoldi.

Budjetning ikki oylik holati quyidagi raqamlarda aks etgan:

Neft-gaz daromadlari: Ikki barobarga kamayib, 826 mlrd rublni tashkil etdi. Bunga Rossiya nefti narxining pasayishi va qazib olishning majburiy qisqartirilishi sabab bo‘lgan.

Noxomashyo daromadlari: Atigi 4,1 foizga o‘sgan bo‘lsa-da, inflatsiyani hisobga olinsa, real ko‘rinishda 1,6 foizga kamaygan.

Umumiy muvozanat: Budjet soliqlar ko‘rinishida yig‘ilganidan (4,76 trln) deyarli ikki barobar ko‘p mablag‘ (8,21 trln) sarflagan.

 

Iqtisodiyot «zarba» ostida

2026-yilning ilk ikki oyi Rossiya iqtisodiyoti uchun moliyaviy jihatdan o‘ta og‘ir kechdi. Hukumat endi yil boshida e’lon qilingan 1,3 foizlik iqtisodiy o‘sish prognozini 0,7–1 foizgacha tushirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Ekspertlarning fikricha, harbiy xarajatlarni qisqartirish imkonsiz bo‘lgan bir sharoitda, budjetdagi «tuynuk»larni yopish uchun ijtimoiy soha va fuqarolik iqtisodiyoti «qurbon» qilinishi mumkin. Hukumat budjet qoidalarini o‘zgartirib, Milliy farovonlik jamg‘armasidan ko‘proq mablag‘ olishni rejalashtirmoqda.

 

Eron urushining «qutqaruv» ta’siri

Yaqin Sharqda, xususan Eronda boshlangan urush neft narxini bir barrel uchun 100 dollardan yuqoriga ko‘tardi. Bu Rossiya budjeti uchun qo‘shimcha daromad manbai bo‘lishi mumkin. Biroq ekspertlar bu ta’sir urushning qancha davom etishiga bog‘liq ekanini ta’kidlamoqdalar.

Agar nizo bir necha haftada tugasa, budjetdagi muammolar saqlanib qoladi.

Agar urush cho‘zilib ketsa, qo‘shimcha neft daromadlari birinchi navbatda Ukrainadagi harbiy harakatlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid