add

Rossiya iqtidorli migrantlar uchun maxsus viza joriy etmoqchi

Bugun 12:452 daqiqa

Bu orqali Rossiya foydali bo‘lgan malakali xodimlarni jalb qilish va migratsiya sifatini oshirishni ko‘zlamoqda.

Rossiya iqtidorli migrantlar uchun maxsus viza joriy etmoqchi

Rossiya Federatsiyasi 2026 yil aprelidan boshlab xorijliklar uchun «iste’dod vizasi»ni joriy etadi. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma’lum qildi.

TIV rahbari ta’kidlashicha, Rossiyada sifatli migratsiya jarayonlarini soddalashtirishga qaratilgan 883-sonli prezident farmoni allaqachon qabul qilingan. Hujjat Rossiya Federatsiyasi uchun manfaatli hisoblangan «iste’dodli xorijliklar»ning ko‘chib kelishi va faoliyatini qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi. Viza joriy etish g‘oyasi esa 2026 yil yanvar oyi o‘rtalarida Davlat dumasining iqtisodiy siyosat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mixail Delyagin tomonidan ilgari surilgan.

«Ilmiy va texnologik rivojlanish, ishlab chiqarish, sport, ijodiy sohalarda yutuqlarga erishgan, madaniy-gumanitar sohalarda va ta’limda muvaffaqiyatlarga erishgan, jamiyat, iqtisodiyot, Rossiya Federatsiyasining mudofaasi va xavfsizligini rivojlantirishga hissa qo‘shgan yoki ayniqsa talab yuqori bo‘lgan kasb (mutaxassislik), malaka yoki ko‘nikmalarga ega bo‘lgan chet elliklar Rossiya manfaatlarini ifodalovchi sifatida tan olinishi uchun ariza berishlari mumkin», — degan Lavrov.

Farmonga ko‘ra, ilmiy-texnologik rivojlanish, ishlab chiqarish, sport va kreativ sanoatlar sohasida yutuqlarga erishgan xorijliklar ushbu vizaga da’vogar bo‘lishi mumkin. Shuningdek, madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi muvaffaqiyatlar, ta’lim sohasidagi yutuqlar ham asos sifatida ko‘riladi. Rossiya iqtisodiyoti, jamiyati, mudofaa qobiliyati va xavfsizligiga qo‘shilgan hissa ham muhim mezonlardan hisoblanadi.

Alohida talab yuqori bo‘lgan kasb, mutaxassislik, malaka yoki ko‘nikmalarga ega fuqarolar ham «iste’dod vizasi»ga da’vogar bo‘lishi mumkin. Biroq hozircha bunday kasblar ro‘yxati aniq belgilanmagan bo‘lib, qarorlar individual tarzda qabul qilinadi.

«Iste’dod vizasi» doirasida xorijliklarga bir yilgacha muddatga ko‘p martalik ishbilarmonlik vizalari beriladi. Ushbu vizalarni rasmiylashtirish bo‘yicha ishlar 2026 yil 15-aprelgacha Rossiya elchixonalari va konsullik muassasalarida to‘liq yo‘lga qo‘yilishi kerak.

Teglar

Mavzuga oid